1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Gvatemalada 30 kunlik favqulodda holat e'lon qilindi

Ushbu qaror so‘nggi kunlarda qamoqxonalarda yuz bergan tartibsizliklar hamda sakkiz nafar politsiya xodimining halok bo‘lishi ortidan qabul qilingan.

Gvatemalada 30 kunlik favqulodda holat e'lon qilindi

 

Gvatemala hukumati mamlakatda to‘dalar zo‘ravonligi kuchaygani sababli favqulodda holat e’lon qildi. Bu qaror so‘nggi kunlarda qamoqxonalarda yuz bergan tartibsizliklar hamda sakkiz nafar politsiya xodimining halok bo‘lishi ortidan qabul qilindi, deya xabar bermoqda The New York Times.

 

Prezident Bernardo Arevaloning ma’lum qilishicha, favqulodda holat 30 kun davom etadi. Milliy politsiya hamda armiyaga to‘dalar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi qat’iy choralar ko‘rish vakolati beriladi. U yakshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu choralar aksariyat aholi hayotiga ta’sir ko‘rsatmasligini, biroq profilaktika maqsadida dushanba kuni maktablar faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi.

 

Shanba kuni mamlakat bo‘ylab uchta qamoqxonada mahbuslar tomonidan tartibsizliklar uyushtirilib, o‘nlab qamoqxona qo‘riqchilari garovga olingan. Ichki ishlar vazirligi ushbu voqealar muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilganini va bu rasmiylarning jinoiy guruhlar yetakchilarini ayrim imtiyozlardan mahrum etish qaroriga javob ekanini ta’kidladi. Yakshanba kuni huquq-tartibot idoralari qamoqxonalarda nazoratni qayta tiklagan va garovga olingan shaxslar ozod etilgan.

 

Milliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni sakkiz nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan. Rasmiylar ushbu hujumlar ortida to‘dalar turganini bildirar ekan, prezident Arevalo bu hujumlarni qamoqxonalar ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishga javoban amalga oshirilgan qasos sifatida baholadi.

 

Prezident, shuningdek, mamlakatda zo‘ravonlik to‘lqinini keltirib chiqarayotgan giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarga qarshi kurashda AQSh Federal qidiruv byurosi va boshqa Amerika agentliklari bilan hamkorlik qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, qamoqxona tizimidagi keng tarqalgan poraxo‘rlik va korrupsiya jinoiy to‘dalarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика