1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Lifestyle

Hafta kunlari va fasllar kayfiyatga taʼsir qiladimi?

Olimlar bu bo‘yicha yangi tadqiqot o‘tkazishdi.

Hafta kunlari va fasllar kayfiyatga taʼsir qiladimi?

Xalqaro tadqiqotchilar jamoasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, odamlar ko‘proq ertalab o‘zlarini yaxshi his qilishadi, tashvish va depressiya darajasi minimal bo‘ladi. Biroq kechasi, ayniqsa, yarim tun yaqinlashganida, ruhiy holat yomonlashadi, tashvish ortadi va yolg‘izlik hissi kuchayadi.

 

Tadqiqotda 49 mingdan ortiq kishi ishtirok etib, ikki yil davomida o‘z kayfiyati haqida so‘rovnomalar to‘ldirib bordi. Olimlar ushbu maʼlumotlarni tahlil qilib, kunning qaysi vaqti, haftaning qaysi kuni va yil fasllari inson ruhiyatiga qanday taʼsir qilishini o‘rganishdi. Tadqiqotchilar yosh, jins, taʼlim darajasi, yashash joyi, jismoniy va ruhiy salomatlik kabi omillarni ham hisobga olishdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, odamlar tongda o‘zlarini baxtliroq his qilishadi, kechasi esa kayfiyat yomonlashadi.

 

Bundan tashqari, hafta kunlari ham muhim ahamiyatga ega ekani aniqlandi. Ko‘pchilikka ko‘ra, dushanba odatda stressli kun deb hisoblanadi, lekin tadqiqot natijalari bunga zid bo‘ldi. Dushanba va juma kayfiyat uchun eng qulay kunlar bo‘lib chiqdi. Shuningdek, odatda dam olish kunlari odamlar ko‘proq baxtli bo‘lishi kutilsada, yakshanba eng tushkun kunlardan biri ekani maʼlum bo‘ldi. Yil fasllari ham kayfiyatga katta taʼsir ko‘rsatadi: qishda odamlar ko‘proq tashvish va depressiya his qilsa, yozda o‘zlarini yaxshi his qilishadi.

 

Bu o‘zgarishlarning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Biologik ritmlar, ijtimoiy va madaniy omillar bularning barchasiga taʼsir qiladi. Masalan, kortizol – stress gormoni ertalab eng yuqori darajada bo‘ladi va bu odamni tetiklashtiradi. Kechqurun esa uning miqdori kamayib, kayfiyatning yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Shuningdek, tashqi omillar ham muhim rol o‘ynaydi: kun tartibi, yorug‘lik darajasi, jismoniy faollik va ijtimoiy aloqalar. Ish kunlari va dam olish kunlari orasidagi farq inson kayfiyatiga taʼsir qiladi, shuningdek, mavsumiy o‘zgarishlar ham muhim – qishda kunlar qisqarib, havo sovuq bo‘lishi odamlarning o‘zini yomon his qilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Tadqiqot mualliflari natijalarning kuzatuv xarakteriga ega ekanini va ular aniq sabab-oqibat bog‘liqligini aniqlay olmasligini taʼkidlaydi. Tadqiqotda ayrim cheklovlar ham bor – ishtirokchilarning uyqu rejimi, ob-havo sharoiti va yashash joyining geografik kengligi to‘liq hisobga olinmagan. Shunga qaramay, ushbu maʼlumotlar ruhiy salomatlikni yaxshiroq tushunish va insonlarga qiyin vaqtlarda yordam berish uchun muhim ahamiyatga ega. Olimlarning fikricha, insonlar kechasi, haftaning o‘rtalarida va qish faslida o‘zlarini yomonroq his qilishadi, shuning uchun aynan shu davrlarda psixologik yordamga ehtiyoj katta bo‘lishi mumkin.

 

Komila Odilova tayyorladi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика