“Haj-2022” mavsumi uchun to‘lov miqdori maʼlum bo‘ldi

Shuningdek, bu yil O‘zbekistondan qancha ziyoratchi Haj amalini ado etishi ham ochiqlandi.

“Haj-2022” mavsumi uchun to‘lov miqdori maʼlum bo‘ldi

 

Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Maʼrupov maʼlum qildi

 

Xabarga ko‘ra, bu yil 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilandi.

 

Qayd etilishicha, narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga taʼsir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingan, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgani sabab bo‘lgan.

 

Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to‘lovlar joriy etilgan. Shu bois dunyo mamlakatlari uchun Haj xizmatlari narxi o‘rtacha 40-45 foizga ko‘tarilgan.

 

Saudiya hukumati tomonidan bu yilgi Haj ibodatini ado etish uchun xorijiy va mahalliy fuqarolarga quyidagi talablar eʼlon qilindi:

 

Birinchidan, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan qatʼiy karantin talabga ko‘ra, “Haj-2022” mavsumida ishtirok etish yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi. Ushbu yosh chegarasiga 1957 yil 30 iyun kunigacha tug‘ilgan insonlar kiradi.

Kezi kelganda, shuni alohida taʼkidlash lozimki, yosh chegarasi bilan bog‘liq mazkur tartib – O‘zbekiston tomonining emas, balki Saudiya Arabistonining qatʼiy talabi hisoblanadi.

Ikkinchidan, bo‘lajak hojilar Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan Pfizer/BioNTech (aqsh-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya-Shvetsiya), Moderna (aqsh) va Johnson & Johnson (aqsh) vaksinalarining to‘liq dozasini qabul qilgan bo‘lishlari shart;

Uchinchidan, barcha ziyoratchilar Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, meningitga qarshi 4 valentli vaksinani qabul qilgan bo‘lishi zarur;

и barcha fuqarolar Saudiya Arabistoniga kirishdan 72 soat oldin koronavirus diagnostikasi haqida salbiy natijali PZR maʼlumotnomani taqdim etishlari lozim.

 

Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 18-30 iyun kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha haj safariga kuzatiladi va xuddi shu yo‘nalishlar bo‘yicha 14-31 iyul kunlari yurtimizga qaytib keladi.

 

Maʼlumot uchun, ziyoratchilarimiz Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-Zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida, Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qiladi.

 

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish hamda ibodatlarni emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun soha mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhi, shifokorlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.

 

Ziyoratchiga nafaqat mehmonxona balki, Mino-Muzdalifa-Arafot manzillarida ham uch mahal issiq ovqat tortiq etiladi hamda bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish taʼminlanadi.

 

 Yana bir muhim yangilik — bu yil O‘zbekistondan 10 865 kishi haj safariga boradi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 7 200 nafar edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика