Chechenistonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida UFS chempioni Hamzat Chimayev vafot etgani haqidagi tarqalgan maʼlumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda “Idman.Biz” nashri “Checheniston segodnya” axborot agentligiga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 31 yoshli sportchi hozirda Dubay shahrida bo‘lib, uning ahvoli yaxshi. Vaziyatdan xabardor manba ushbu maʼlumotni tasdiqlagan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Grozniy shahrida Hamzat Chimayev va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani, natijada sportchi halok bo‘lgani haqida asossiz xabarlar tarqalgan edi.
“Checheniston segodnya” axborot agentligi sportchiga yaqin manbaga tayanib, Hamzat Chimayevning avtohalokatda vafot etgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o'tamiz, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniy shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasiga uchrab, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi. Hozircha Adam Qodirovning holati yuzasidan ham aniq maʼlumot berilmagan.


