1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Hech bir 1-sinf o‘quvchisi Prezident sovg‘asisiz qolmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q!

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarga 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari yoki uning tarkibidagi ayrim o‘quv qurollari yetib bormayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

Hech bir 1-sinf o‘quvchisi Prezident sovg‘asisiz qolmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q!

 

 

Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik asosli? O‘quv yili boshlangan bo‘lsa-da, nega ayrim hududlarga hanuzgacha “Prezident sovg‘asi” yetib bormagan? Bu kabi kamchiliklar qachon bartaraf etiladi? Mazkur savollarga javob olish maqsadida mutasaddilar bilan bog‘landik.  

 

Xususan, Qashqadaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining aytishicha, joriy o‘quv yilida Qarshi shahriga 5000 ta, Kasbi tumaniga 3435 ta, Mirishkor tumaniga 2034 ta, Muborak tumaniga 1610 ta, Koson tumaniga 4750 ta, Dehqonobod tumaniga 3075 ta, G‘uzor tumaniga 3675 ta, Nishon 3118 ta tumanidagi barcha umumiy o‘rta taʼlim maktablariga Prezident sovg‘alari yetkazilgan. Qolgan tuman (shahar) xalq taʼlimi bo‘limlari tasarrufidagi umumiy o‘rta taʼlim maktablariga ham bosqichma-bosqich "Transport va logistika xizmati" DUK Qashqadaryo filiali tomonidan tez fursatlarda Prezident sovg‘alari yetkaziladi.

 

Buxoro viloyatidagi holatni viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi shunday izohladi:

 

- 2021-2022 o‘quv yilida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 6 sentyabr kuniga qadar “Transport va logistika” davlat unitar korxonasi Buxoro viloyati filialiga “Prezident sovg‘asi” tarkibiga kiruvchi 8 turdagi o‘quv qurollari — portfel, katakli (6 dona) va chiziqli daftar (6 dona), yelim, rasm daftari (56 varaqli), rangli qog‘oz, ruchka, plastilin yetib kelgan, — deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot kotibi Iroda Oripova. —  Ayni paytga qadar ushbu o‘quv qurollari 1-sinf o‘quvchilariga to‘liq yetkazilgan. Jumladan, Kogon shahridagi 5-umumiy o‘rta taʼlim maktabining 1-sinflariga qabul qilingan 63 nafar o‘quvchiga ham 8 turdagi sovg‘alar to‘liq berilgan.

 

Internetda tarqalgan turli fikr-mulohazalarga Xalq taʼlimi vazirligi ham o‘z munosabatini bildirdi.

 

Vazirlikning maʼlum qilishicha, pandemiya yangi o‘quv yili boshlanishining so‘nggi kunigacha baʼzi ota-onalar tomonidan farzandlarining hujjatlarini topshirish kechiktirgan, shu bilan birga, baʼzi yetkazib beruvchilarning kechikishiga ham olib kelgan. Bu esa o‘z-o‘zidan sovg‘alarni hisob-kitob qilishda va to‘liq qilib yetkazishda muammolarni yuzaga keltirgan.

 

Vazirlik ota-onalardan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va tez kunda sovg‘alar har bir bolaga yetib borishi taʼminlanishini maʼlum qiladi. Sovg‘alar ichidagi baʼzi yetmay qolgan o‘quv qurollari joyiga qaytadan yetkazilib, tarqatiladi.

 

“Bir hafta davomida mazkur holat to‘liq inventarizatsiya qilib chiqiladi, agar shundan so‘ng ham farzandingizga sovg‘a yoki darslik yetib bormasa Xalq taʼlimi vazirligining 71 202 09 09 ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz so‘raladi”, - deyiladi xabarda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident sovg‘alarining egasiga yetkazilishi maktab maʼmuriyati tomonidan nazorat qilinishi hamda yurtimizda yangi o‘quv yilida qancha bola 1-sinfga qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.

 

 

Bahriniso Madumarova

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика