Hindistonning Karnataka shtatiga qarashli Kumta tumanidagi Ramatirtha Hills hududida politsiya Rossiya fuqarosi Nina Kutina va uning ikki nafar yosh farzandini g‘ordan topdi. Bu haqda PTI agentligi xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 40 yoshli Kutina Hindistonga ish vizasi asosida kelgan va dastlab Goadan Gokarna shahriga yo‘l olgan. Shundan so‘ng u olti yoshli qizi Preya va to‘rt yoshli o‘g‘li Ama bilan Ramatirtha tepaliklaridagi o‘rmon hududiga yo‘l olgan.
Politsiya ayol va farzandlari g‘orda taxminan ikki hafta yashaganini ma'lum qildi. Ular topilgach, xavfsiz joyga joylashtirilgan hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, Ramatirtha tepaliklari — diniy izlovchilar va zohidlar uchun mashhur bo‘lgan, odatda gavjum bo‘lmagan hududlardan biri hisoblanadi. Kutina istiqomat qilgan Gokarna shahri esa hindular uchun muqaddas joy bo‘lib, u yerga butun dunyodan yoga va meditatsiya ixlosmandlari tashrif buyurishadi.


