Hindistonning Bixar shtatidagi Temta qishlog‘ida jodugarlikda ayblangan bir oilaning besh a’zosi vahshiylarcha o‘ldirildi. Politsiya mazkur voqea bo‘yicha uch nafar gumonlanuvchini hibsga oldi. Bu haqda CBS News axborot agentligi xabar berdi.
Voqea 5-iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Taxminan 50 nafar mahalliy aholidan iborat olomon oila a’zolarining uyiga bostirib kirib, ularni tig‘li qurollar bilan o‘ldirgan va jasadlarini yoqib yuborgan. Qurbonlar orasida uch nafar ayol ham bo‘lgan.
Oiladan faqat 16 yoshli o‘g‘il omon qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan kechasi, soat 22:00 atrofida, olomon onasini jodugarlikda ayblagan va keyin barcha a’zolarga hujum qilgan.
Hodisa mahalliy aholi orasida tarqalgan jodugarlikka oid ishonchlar bilan bog‘liq. Voqeadan 10 kun avval qishloqda bir bola kasallikdan vafot etgan, uning akasi esa hozirgacha xastalikka chalingan. Aholi bu kasallikni marhum oila "jodugarlik orqali" keltirib chiqargan deb gumon qilgan.
Bixar politsiyasi voqea yuzasidan maxsus tergov guruhi tuzdi. Qishloq aholisi orasidan yana bir nechta shaxs voqea bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi bois gumon qilinmoqda. Tergov davom etmoqda.


