Qashqadaryo viloyati hokimligi 450 million so‘mga Equinox avtomobilini xarid qilish uchun UzAuto Motors dileri bilan shartnoma imzoladi. Shartnoma Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan.
Bunga viloyat hokimining 2022-yil 18-oktabrdagi 834-4-0-Q/22 sonli qarori asos qilib keltirilgan.
P.S.: Oddiy xalq oylar davomida ololmayotgan qimmatbaho avtomobilni hokimlik tanish-bilish orqali qisqa vaqtda olmoqchi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida Prezident vazir va hokimlarga yil oxirigacha avtomobil hamda boshqa ayrim xaridlarni taqiqlagandi. Davlat rahbari yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:
— moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
— bino taʼmirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qatʼiyan taqiqlagan.
Maʼlumot o‘rnida, hukumat qarori bilan tuman hokimlari xizmat mashinalari narxlari bazaviy hisoblashning 1000 baravaridan, dvigatel eng yuqori quvvati 2000 santimetr kubdan oshmasligi keltirilgan. Agar tuman tog‘li hudud bo‘lsa, bu quvvatni 3000 santimetr kubgacha oshirishga ruxsat berilishi mumkin. Bazaviy hisoblash miqdorining istisno chegarasi ko‘rsatilmagan.


