O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PF–129, 7-avgust 2025-yil) farmon imzolandi.
Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-avgustdan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlarining maosh va rag‘batlantirish tizimi yangilanadi.
Yangi tartibga ko‘ra:
Lavozim maoshlari yagona tamoyil asosida yangilangan tarif setkasi va ko‘p yillik xizmat hamda lavozim darajasiga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlar asosida belgilanadi.
Rag‘batlantirish to‘lovlari eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida — har oylik ustamalar, malaka (martaba) darajasi uchun to‘lovlar hamda davr yakuni bo‘yicha bonus shaklida amalga oshiriladi.
Faqat farmonda ko‘zda tutilgan ustama, mukofot va to‘lovlargina amalga oshiriladi; boshqa har qanday qo‘shimcha to‘lovlar taqiqlanadi.
Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
1. Lavozim maoshi.
2. KPI bo‘yicha har oylik ustama.
3. Malaka darajasi uchun to‘lovlar.
4. Mukofot va bonuslar.


