Ijtimoiy tarmoqlarda “Humans” mobil ilovasiga biriktirilgan bank kartalaridan ruxsatsiz mablag‘lar yechib olingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat bo‘yicha Markaziy bank darhol choralar ko‘rib, tezkor tekshiruv jarayonlarini boshlaganini ma’lum qildi.
Ma’lumki, “Humans companies” AJ hamda “Octagram” AJ o‘rtasida 2025-yil 10-aprelda tuzilgan shartnoma asosida “Humans” mobil ilovasi orqali mijozlarga to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari xizmatlari ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 14-oktabrdagi qarori bilan “Humans” MCHJ bankrot deb topilgan va ushbu korxonaning faoliyati 2025-yil 4-noyabr kuni tugatilgan. “Humans” MCHJning yagona muassisi — “Humans Companies” AJ hisoblanadi.
2025-yil 8-dekabr kuni soat taxminan 08:30 da fuqarolardan “Humans” ilovasi orqali kartalardan mablag‘lar ruxsatisiz yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi. Markaziy bank holat bo‘yicha “Octagram” AJ bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini va ehtimoliy zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P xizmatlarini darhol to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
9-dekabr holatiga ko‘ra, “Humans” mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Ayni vaqtda:
- Uzcard va Humo kartalari orqali to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda;
- Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati saqlanib qolgan;
- Barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik bo‘yicha tezkor tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Natijalar yuzasidan qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.


