Manchesterning nufuzli Manchester Evening News nashri o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning Manchester City safidagi faoliyati va uning klub ommabopligiga ko‘rsatayotgan ta’siri haqida tahliliy maqola e’lon qildi.
Nashrga ko‘ra, Husanov qisqa vaqt ichida nafaqat Pep Guardiola jamoasining muhim bo‘lagiga, balki millionlab o‘zbekistonliklar uchun ramziy qahramonga aylangan. O‘zbekiston tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritgan bir paytda, Husanovning Angliya Premyer-ligasidagi muvaffaqiyatlari mamlakatning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Husanov jamoaga kelganidan keyingi dastlabki ikki hafta ichida “Manchester City” YouTube kanalini eng ko‘p tomosha qilgan davlat Buyuk Britaniya yoki Braziliya emas, aynan O‘zbekiston bo‘ldi.
2024/2025-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan qayd etilgan umumiy ko‘rishlar soni 26 milliondan oshdi. Bu natija bilan mamlakat global reytingda 4-o‘ringa ko‘tarildi.
E’tiborli jihati shundaki, Abduqodir hali jamoaning to‘liq asosiy tarkib futbolchisiga aylanib ulgurmagan bir vaqtda ham klub veb-sayti va mobil ilovasidan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar soni qariyb bir millionga yetgan.
Muxlislar faolligi faqat internet bilan cheklanib qolmadi — u bevosita “Etihad Stadium” tribunalarida ham sezila boshladi. So‘nggi ikki yil ichida klubning O‘zbekistondagi fan-bazasi 500 foizga kengaydi. Toshkentda “Manchester City”ning rasmiy muxlislar guruhi ham tashkil etildi.


