1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Ichimlik suvi narxi oshiriladimi?

So‘nggi yillarda suv tannarxi bilan amaldagi tariflar o‘rtasidagi tafovut sezilarli darajada kengaygan.

Ichimlik suvi narxi oshiriladimi?

 

 


O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini belgilash va qayta ko‘rib chiqish “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonun asosida amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, suv ta’minoti korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan tarif takliflari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hududiy monopoliyaga qarshi va moliya organlari xulosalari olinadi hamda yakunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tariflarning qayta ko‘rib chiqilishi ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari sifatini yaxshilash, tizimni modernizatsiya qilish va barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi. Tariflar mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar — elektr energiyasi, ish haqi, reagentlar, ta’mirlash ishlari, infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro moliya institutlari oldidagi majburiyatlar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar asosida shakllanadi.

 

So‘nggi yillarda suv tannarxi bilan amaldagi tariflar o‘rtasidagi tafovut sezilarli darajada kengaygan. Bunga iste’molchilar sonining ko‘payishi, suvni uzoq masofalarga yuqori quvvatli nasoslar orqali yetkazish zarurati va eng asosiysi — elektr energiyasi narxining keskin oshgani sabab bo‘lmoqda. Xususan, elektr energiyasi narxi 2023-yil oktabridan buyon deyarli ikki baravar ko‘tarilgan. Bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suv tannarxida eng katta ulushni ish haqi (30 foiz) va elektr energiyasi (19 foiz) tashkil etadi.

 

Amaldagi tariflar bilan hisoblanganda, respublika bo‘yicha markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvining 1 litri o‘rtacha 3,3 so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu savdo do‘konlaridagi qadoqlangan suv narxidan ming martadan ortiq arzon. Shunga qaramay, hududlarda tariflarning o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilmagani sababli so‘nggi yillarda yuzlab milliard so‘mlik zarar yuzaga kelgani qayd etilmoqda. Taqqoslash uchun, jahon amaliyotida O‘zbekistonda ichimlik suvi narxi (1 m³ uchun 0,27 AQSh dollari) eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика