“Bilib qo‘yinglar, davlatning har bir so‘mi bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi. Javobgarlik muqarrar, jazo qattiq bo‘ladi!” deya ta’kidladi Prezident.
Shu munosabat bilan yaqinda Prezident Administratsiyasi va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qisqa muddat ichida budjetga tushum, talon-toroj va moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trillion so‘m, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarida 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangan.
Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirildi va 55 nafar shaxs qamoqqa olindi. Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B. Abdullayev va departament boshlig‘i R. Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas’ullar faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etildi. Prezidentimiz yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega, talabchan yosh rahbarlar korpusini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
Huquq-tartibot tizimida xizmat o‘tash chegarasi polkovniklar uchun 55 yosh, generallar uchun 60 yosh bo‘lsa-da, hozir bu yoshdan oshgan 300 dan ortiq xodim rahbarlik lavozimida ishlayotgani ko‘rsatildi. Shu bilan birga, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida rahbar kadrlarning barchasining yoshi 50 yoshdan kichik.
Rahbarlikka yosh kadrlarni qo‘yish, pensiya yoshidagi xodimlarning tajribasidan murabbiy va o‘qituvchi sifatida foydalanish hamda mahallada yoshlarga ustozlik qiladigan tizim yaratish muhimligi qayd etildi.


