1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Maxsus ruknlar / 
  4. IIV isloh qilinmas ekan, o‘limlar soni ortaveradi

05:40 / 06.06.2023

1.2k

IIV isloh qilinmas ekan, o‘limlar soni ortaveradi

IIV isloh qilinmas ekan, o‘limlar soni ortaveradi

Davlat tashkilotlari xalq uchun sidqidildan xizmat qilsin, sohadagi muammo va kamchiliklarning hammasi ochiq, oshkora, shaffof bo‘lishidan umidvor bo‘lib, tashkilotlar “peshona”sidan tortib, xodimlar ko‘ksigacha kamera o‘rnatildi. Ammo vaziyat o‘zgarmadi.

 

Odatda, «bizda hammasi yaxshi, muammo yo‘q» deya ko‘ksimizni keramiz. Biroq xalq haqiqatni izlab, eshigida kunlab, oylab, vaqti kelsa yillab adolat qaror topishini mijja qoqmay kutadigan ayrim tashkilotlarda bugun muammolar gazaklab ketganiga guvoh bo‘lyapmiz. 

 

Bo‘kadagi IIBdan 36 yoshli yigitning o‘ligi chiqdi.

 

Farg‘onada IIBga olib ketilgan 15 yoshli bola vafot etdi

 

Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkum vahshiylarcha o‘ldirildi.  

 

Chilonzorda 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida hojatxonadan pastga sakrab, vafot etdi.

 

IIB xodimi hamkasbini avtomatda otib qo‘ygani maʼlum bo‘ldi

 

Chiroqchilik IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga urindi... (Bu ro‘yxatni yana davom ettirsa bo‘ladi.) 

 

So‘nggi paytlarda bu kabi holatlar juda ko‘p kuzatilmoqda. Davlat tashkilotlari xalq uchun sidqidildan xizmat qilsin, sohadagi muammo va kamchiliklarning hammasi ochiq, oshkora, shaffof bo‘lishidan umidvor bo‘lib, tashkilotlar “peshona”sidan tortib, xodimlar ko‘ksigacha kamera o‘rnatildi. Ammo vaziyat o‘zgarmadi. Bloger Shahnoza Soatova taʼbiri bilan aytganda, “bodi-kamera”lardagi tasvirlar oshkor etilmaydi yoki kesib-ulab ko‘rsatiladi, odam 4-qavatdan tushib ketgani IIB binosi kameralariga muhrlangan deyiladi, lekin ko‘rsatilmaydi, norasida go‘dakning «melisa» binosidan o‘ligi chiqadi, lekin biron dalil jamoatchilikka oshkor qilinmaydi. Kameralar, «tergov siri» degan vajlar, jazolovchi choralar – hammasi fuqarolar zarariga. Ichki ishlar foydasiga ishlayversa, rostdan ham “qo‘rqinchli”... Gumonlanuvchi (orasida aybsizlar ham talaygina) tergovda qiynoqqa solinadi, xodimlar tomonidan tahqirlanadi, xohlagan ko‘yiga solinadi, sud adolatsiz hukm chiqaradi... 

 

Xato qiynoq yoki o‘lim bilan tuzatiladimi?

 

Hech bir bola jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Aslida, ota-ona ham farzandini el-koriga yaraydigan, orzu-havaslarini ushaltiradigan farzand bo‘lishini istaydi, umri davomida bunga jon-jahdi bilan kurashadi. Ming mashaqqat bilan ko‘z qorachig‘idek asrab, voyaga yetkazadi. Hayotda hamma xato qiladi. Ammo xatoni tuzatish do‘q-po‘pisa, kaltak, qo‘rqituv, O‘LIM yo‘li bilan emas, xushmuomalalik bilan tuzatiladi.

 

Tasavvur qiling, ertalab farzandingiz uydan sog‘lom chiqib ketsa-yu, ayrim sabablarga ko‘ra (ayniqsa, organga olib ketilib), uyingizga uning jasadi kirib kelsa, bu – o‘zbek uchun fojia, uyat.

 

Bo‘kadagi 36 yoshli yigitning o‘limi jamoatchilik vakillari muhokamasida

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘kadagi IIBdan 36 yoshli yigitning o‘ligi chiqqani turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bunga keng jamoatchilik vakillari ham fikr bildirdi.

 

Alimoff sohaga kirib qolgan ayrim nopok kimsalar bo‘lishi ehtimoli, buning uchun o‘sha idoraning o‘zi bu masalada qattiq talabchan bo‘lishi kerakligini aytmoqda. «Qo‘rquv befarqlikni keltirib chiqaradi, befarqlik esa degradatsiyani» demoqda.

 

«IIV vazirlik o‘laroq bir narsani tushunishi kerak. O‘n minglab odam ishlaydigan tashkilotda shunaqa sadistlar ham, monyaklar ham, bu ishga adashib kelib qolganlar ham bor bo‘lishi mumkin. Bu juda ko‘p odam ishlaydigan tashkilotda hamma oppoq bo‘la olmaydi. Hech qaysi tashkilotda bunday bo‘lmaydi.

 

Har qanday xato qilgan xodimni maksimal oqlab, keyin uning xatosini yopib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolgandagina tan olish o‘rniga o‘zlari qonun himoyachisi o‘laroq o‘z xodimlariga nisbatan qattiqroq talabchan bo‘lishlari kerak. Bu narsalar ushbu xizmatni obro‘sini oshirishdan boshqa ish qilmaydi.

 

Bugun esa xalq sizlardan qo‘rqadi. Qo‘rqishga sabablar ko‘p. Qo‘rquv befarqlikni keltirib chiqaradi, befarqlik esa degradatsiyani. Bu narsa kelajakda o‘zingizga ham zarar bo‘lishi mumkin. Har kuni chiqayotgan turli negativ xabarlar, qatorasiga yuz berayotgan 3-4 ta holatlar tizim tubdan islohotga muhtojligini yana bir bor eslatmoqda», deydi bloger.

 

Davletov.uz ham tizim tubdan isloh qilinishi kerak deb aytmoqda. Kosmetik islohotlar bilan emas, qatʼiy va tizimli asosda chora ko‘rilishining vaqti yetib kelganini bildirgan.

 

«Ichki ishlar tizimi isloh qilinishi kerak. Yetti yildan beri takrorlanadi. Yuqoridagi va boshqa holatlar ichki ishlar organlariga kirib qolgan "bir-ikkita noinsof" xodim emas, balki tizimli muammo, muammo bo‘lsa hamki, bunga kosmetik islohotlar bilan emas, qatʼiy va tizimli asosda chora ko‘rilishi lozim.

 

Ichki ishlar organlarining insoniy yuzi paydo bo‘lishi kerak. Buning uchun tizim boshqaruvini to‘laqonli yangilash, tizim shaffofligini taʼminlash va samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning vaqti keldi. Yo‘qsa, IIV boshqaruvidagi uquvsizlik va xohishsizlik davlatga, siyosatga dog‘ bo‘lib, o‘zini doimo eslatib turaveradi», — deya fikr bildirdi u.

 

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov esa bugun O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalari, tergov izolyatorlari va maxsus hibsxonalarda qiynoq, o‘lim holatlari odatiy holga aylangani haqida yozdi: 

 

«Ichki ishlar binosiga kirgan inson borki, uning tirik chiqishiga hech kim javob berolmaydi. Tizim shunchalik nazoratsiz, tartibsiz ishlamoqda.

 

Bu tizimsizlik haqida bir necha yillardan beri gapirilib, eʼtiroz bildirib kelinayotganiga qaramay, afsuski, tartibga kelmayapti.

 

Shulardan keyin savol tug‘iladi, 2017 yilda ichki ishlar vaziri lavozimiga kelarkan, Po‘lat Bobojonov soha uchun nima ish qildi, nimani o‘zgartirdi o‘zi? Bu inson qaysi sifatlari uchun 6 yildan buyon vazir sifatida ushlab turilibdi?»

 

Soha isloh qilinishi shart

 

Aybdorlar bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilsa-da, marhum tirilib qolmaydi. Uning ota-onasi va yaqinlari qalbidagi bir umrga kirgan dard va og‘riq ularga aslo tinchlik bermaydi. 

 

Bizda katta muammo bor: qurbon bo‘ladi, shundan so‘nggina masalaga  jiddiy yondashiladi. Biroq ayrim tashkilotlar uchun qancha qurbon bo‘lsa, shuncha kamdek. Ular kibr, manmanlik, egallab turgan lavozimidan ketishdan qo‘rqish kabi qusurlardan kecholmas ekan, jamiyatimiz tubanlik botqog‘iga botib ketaveradi. 

 

Biz qaysi soha vakili bo‘lishimizdan qatʼiy nazar, avvalo, inson ekanimizni unutmaylik. Zero, marhumning o‘rnida sizning yoki boshqaning farzandi, uning ota-onasi o‘rnida o‘zimiz bo‘lishimiz ham mumkin edi. Soha isloh qilinmas ekan, bu kabi holatlar takrorlanaveradi, qurbonlar soni ortaveradi.

 

Bahriniso Madumarova

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика