Prezidentning 2025-yil 30-dekabrdagi qaroriga muvofiq, mamlakatda ijtimoiy soha infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizm joriy etilmoqda.
Xususan, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni barpo etish va yangilashni tizimli moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Mazkur jamg‘arma ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda sport sohalariga oid muassasalarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Qaror bilan jamg‘arma faoliyati orqali hududlarda ijtimoiy infratuzilmaning holatini yaxshilash va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari, eng avvalo, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari va sport inshootlarini qurish hamda ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, ushbu muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar, o‘quv va tibbiy jihozlar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Qarorga asosan, jamg‘arma mablag‘laridan boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi qurilish va ta’mirlash loyihalarini moliyalashtirishda ham foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu esa hududlarda ijtimoiy infratuzilmani kompleks va mutanosib rivojlantirishga xizmat qiladi.


