Illinoys shtati hukumati va Chikago shahri AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi federal sudga da’vo arizasi kiritdi. Ular Tramp tomonidan shtatga Milliy gvardiyaning 300 nafar a’zosini yuborish qarorini noqonuniy deb hisoblamoqda.
Da’voda qayd etilishicha, federal qo‘shinlarni Illinoysga kiritish “konstitutsiyaga zid, xavfli va siyosiy sabablarga asoslangan” deb baholangan. Shuningdek, Trampning ilgari Illinoys va Chikago rahbariyatiga nisbatan “tahdid va haqoratomuz” bayonotlar bergani ham tilga olingan.
Da’vogarlar suddan Milliy gvardiya a’zolarini “noqonuniy federallashtirishni” to‘xtatishni so‘ragan. Arizada ayblanuvchilar sifatida Tramp, ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem va mudofaa vaziri Pit Xegset ko‘rsatilgan.
Oq uy 5-oktabr kuni prezidentning Milliy gvardiya kuchlarini “mahalliy hokimiyat nazorat qila olmayotgan tartibsizliklarni to‘xtatish” maqsadida Illinoysga yuborish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilgan edi.
Illinoys gubernatori Jey Pritsker bu qarorni “Amerika qadriyatlariga zid” deb atadi va Oq uyni shtat aholisi ustidan “tajovuzkorlik bilan nazorat o‘rnatishga urinishda” aybladi.
Avvalroq, sud Trampning Portlend shahriga federal kuchlarni joylashtirish haqidagi qarorini ham vaqtincha bloklagan edi. Sudya prezidentning bu qarorini “konstitutsiyaviy vakolatlarni oshirib yuborish” deb baholagan.


