Milliarder Ilon Mask 27-oktabr kuni Twitter kompaniyasini sotib olganidan keyin direktorlar kengashini tarqatib yubordi. Bu haqda dushanba kuni AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) maʼlumotlari asosida eʼlon qilingan hujjatlarda maʼlum qilingan.
«27-oktabrdagi qo‘shilish kelishuvi natijasida janob Mask Twitter‘ning yagona direktori bo‘ldi. Bitim yakunlangach, qo‘shilish to‘g‘risidagi shartnoma talablariga ko‘ra, shu paytgacha direktor bo‘lgan shaxslar o‘z faoliyatini to‘xtatdilar», - deyiladi hujjatda.
Ijtimoiy tarmoq asoschilaridan biri Djek Dorsi kompaniyaning 2,4 foiz ulushini saqlab qoldi. Hozirda uning umumiy bozor qiymati qariyb 1 milliard dollarni tashkil etuvchi 18 milliondan ortiq aksiyalari mavjud.
Maʼlumot o‘rnida, Mask avvalroq Twitter‘ni sotib olganidan so‘ng kompaniya rahbariyatining bir necha aʼzolarini, jumladan, bosh direktor Paraga Agraval va moliya direktori Ned Segalni ishdan bo‘shatgani xabar qilingandi.


