Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasida yuz bergan kuchli ko‘chki fojiasi qurbonlari soni 48 kishiga yetdi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, fojea G‘arbiy Bandung regensiyasiga qarashli Cisarua tumanidagi Pasirlangu qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari bir necha kundan buyon uzluksiz davom etmoqda. Bu haqda Azerbayjan24 nashri xabar bermoqda.
G‘arbiy Yava politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ofat hududidan hozirga qadar 48 nafar marhumning jasadi topilgan. Ulardan 30 nafarining shaxsi aniqlanib, jasadlar yaqinlariga topshirilgan. Qolgan qurbonlarni aniqlash ishlari esa maxsus identifikatsiya markazida davom ettirilmoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, shaxsini aniqlash jarayonida bedarak yo‘qolganlar haqidagi oldingi ma’lumotlar va topilgan jasadlar bo‘yicha o‘limdan oldingi hamda keyingi belgilar taqqoslanmoqda. Shu bilan birga, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxati doimiy ravishda yangilanib borilmoqda.
Qidiruv ishlarini jadallashtirish maqsadida qutqaruvchilar ko‘chki vayronalari ostida qolganlarni topish uchun maxsus tayyorlangan itlardan ham foydalanmoqda. Og‘ir texnika yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda aynan shu usul samarali bo‘layotgani ta’kidlanmoqda. Rasmiylar qidiruv ishlari barcha imkoniyatlar ishga solingan holda davom ettirilishini bildirdi.


