Bugun, 9-oktyabr kuni Toshkentda InnoWeek-2025 innovatsion gʻoyalar xalqaro haftaligiga start berildi. Bu haqida tadbirda ishtirok etayotgan Zamon.uz muxbiri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu yil haftalikda yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari, xalqaro maʼlumotlar bazalarining vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Xitoy, Malayziya, Singapur, Yaponiya, Koreya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Hindiston, Eron, Quvayt, Belarus, Armaniston, Gruziya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 230 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etmoqdalar.
15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan koʻrgazmada innovatsion loyiha va ishlanma namoyish etilmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, ushbu yirik tadbirda Xitoy, Koreya, Yaponiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Germaniya, Vengriya va Qozogʻiston kabi davlatlarning innovatsion kompaniyalari va texnologik markazlari ham oʻz ilgʻor mahsulot va texnologiyalarini taqdim etadilar.
Haftalik doirasida ishtirokchilar uchun ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi bilim va koʻnikmalarni oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashish imkoniyatini beruvchi 30 ga yaqin ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkaziladi. Xususan, haftalik davomida 18 ta xalqaro darajadagi forum, konferensiya va seminarlar, 11 ta mahalliy miqyosdagi mutaxassislar uchrashuvi va taqdimotlar, B2B uchrashuvlari, muzokaralar hamda “DemoDay” oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar innovatsion ekotizim vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, startapchilar va sohaga qiziquvchilar uchun dolzarb mavzularni muhokama qilish, eng soʻnggi ilmiy yangiliklar bilan tanishish hamda xalqaro ekspertlar bilan bevosita muloqotda boʻlish uchun imkoniyat yaratadi.
Haftalik davomida shuningdek, Ixtirochilik va ratsionalizatorlik boʻyicha ishlanmalar tanlovining respublika bosqichi, “Raqamli texnologiyalar yoshlar nigohida” tanlovi hamda “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida ilk marotaba “Innowomenweek-2025” – ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi oʻtkazilmoqda.


