Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati shaharsozlik norma va qoidalariga tadbiq etilayotgan yangiliklar haqida maʼlumot berdi.
Shaharasozlik norma va qoidalari kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash binoning eksplutasiyaviy xarakteristikasiga, xavfsizligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi, sanitariya-gigiyena talablari darajasini pasaytirishga olib kelmasligi shart.
"Yana bir yangilik, endi bino va inshootning rekonstruksiya qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan yoki taʼmirlanmaydigan qismlari, yangi qurilgan bino yoki inshootlarga nisbatan qo‘llaniladigan talablarga muvofiq bo‘lishi shart emas. Bunda, taʼqiqlanmagan materiallarni qo‘llash yoki asbob-uskunalarni o‘rnatishda ushbu material yoki uskunani xavfsiz o‘rnatish bilan bog‘liq standart qoidalariga rioya qilinishi kerak", — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, bundan buyon bino va inshootlar qurilishida avtoturargohlarni hududlar kesimida kishi boshiga ko‘ra loyihalashtirish talabi belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, Toshkent shahri va viloyatida 1 xonadonga 1ta avtoturargoh o‘rni, boshqa viloyatlarda esa 2 xonadonga 1ta avtoturargoh bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, maktab va bog‘chalarda 25 nafar bolaga 1ta, oliy taʼlim muassasalarida 4 nafar talabaga 1ta, shifoxona va poliklinikalarda 5 nafar qatnovchiga 1ta, maʼmuriy ofis, tashkilot va xo‘jalik muassasalari binolarining 10 metr kvadrat qismiga 1ta, masjidlarda 10 nafar tashrif buyuruvchi uchun 1ta, bozorlardagi har ikkita savdo joyiga bittadan, mehmonxonalardagi har 5 ta o‘ringa 1 tadan avtoturargoh bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilyapti.


