Interpol bosh kotibi Yurgen Shtok Kiyevga yetkazib berilgan qurollarning Yevropadagi jinoiy to‘dalar qo‘liga tushib qolishidan xavotir bildirdi.
“Ushbu nizoda katta miqdorda qurollardan foydalanilayotgani, nizo yakunlangandan so‘ng uning noqonuniy tarqalib ketishiga olib keladi”, — deb ogohlantirgan bosh kotib.
Uning qo‘shimcha qilishicha, jinoiy to‘dalar hozirning o‘zida ushbu qurollarga “ko‘z olaytirmoqda”. Uning asosiy noqonuniy tarqalishi hududi Yevroittifoq bo‘ladi. Sababi – Yevropada, ayniqsa, Skandinaviya davlatlari qora bozorlarida qurol narxi juda baland. Shtokning so‘zlariga ko‘ra, hatto og‘ir qurollar ham savdoga chiqarilishi mumkin.
“Jinoyatchilar xalqaro darajada ish olib boradi. Shu sababli qurollar turli qitʼalarga tarqaladi”, – deb qayd etgan Interpol vakili.
Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyevga hamon qurol yetishmayotganini aytgandi.


