
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrigini Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.

Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali nafaqat kinematografiya, balki sayyohlik, sanʼat taʼlimi, mamlakatga investitsiyalar kirib kelishi, xalqaro hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Tinchlik, taraqqiyot va maʼrifat uchun” shiori ostida tashkil etilayotgan mazkur xalqaro kinofestival jahon miqyosida ham o‘ziga xos aks-sado berdi.

Xalqaro kinofestivalning dasturi g‘oyat keng va rang-barang ekani mazkur ijodiy loyihaning “Festivallar festivali” sifatida o‘tayotganidan darak bermoqda. “Kino 5 kunda” ijodiy loyihasi, yangi-yangi badiiy, hujjatli filmlar taqdimoti, mahorat saboqlari, anjumanlar, taqdimotlar, kino yulduzlari ishtirokidagi matbuot anjumanlari bilan hamohang bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizning ko‘plab hududlarida yangi-yangi kinoteatrlar qurib, foydalanishga topshirilyapti. O‘n to‘rt xorijiy mamlakatning milliy kino kunlari tomoshabinlarni jahon kinematografiyasidagi eng ilg‘or yo‘nalishdagi anʼanalar bilan tanishtirmoqda. Shu bilan birga milliy kinematografiyamiz istiqboliga yo‘naltirilgan yangi-yangi hamkorlik hujjatlari imzolanishi, yangi ijodiy loyihalar sari qadam qo‘yilishi boshlanmoqda.
Kinofestival ishtirokchilarining fikr-mulohazalari:
Selim Bayraktar, turkiyalik kino aktyor:
— O‘zbek diyori qadimiy madaniyatga, tarixga, dunyo sivilizatsiyalariga taʼsir ko‘rsatgan teran va mustahkam ildizlariga ega zamindir, – dedi. — Bizning anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz, tariximiz tutashdir. O‘zbekistondek tabarruk yurtda o‘tkazilayotgan shunday xalqaro kinofestivalda ishtirok etayotganim men uchun faxr va sharafdir.
Rufat Gasanov, ozarbayjonlik kino arbob:
— Toshkent kinofestivali yana kino muxlislarini o‘ziga chorladi. Anchadan beri odamlar shunday nufuzli tadbirni juda sog‘inib qolgan edi. Bu festival qayta tug‘ilganidan nafaqat o‘zbek xalqi, kino ijodkorlari, balki xorijlik kinochilar ham behad mamnundir. Ushbu festival yangilanayotgan O‘zbekistonda madaniy-maʼrifiy jabhalarda ham islohotlar ortga qaytmas, shiddatli, ham amaliy tus olganini dunyoga namoyish etmoqda.
Nikita Mixalkov, rejissyor, kinoaktyor, “Oskar” mukofoti sohibi:
— “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali tiklangani juda quvonarli hodisa. Vaqtida bu festival o‘z davrining noyob va o‘zgacha bayrami edi. Hozir bu qadriyatlar qayta tiklanayotgani, o‘zbek kinosiga yangi ruhiyat va kuch bag‘ishlayotganiga ishonaman. Umid qilamanki, endi har yili shu payt sizlar bilan O‘zbekistonda, xalqaro kinofestivalda uchrashamiz.
Eslatib o‘tamiz, kinofestival bosh homiysi: AGMK, NGMK va “O‘zbekneftgaz”. Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank”ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank”AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors”AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank”AJ, “Farg‘onaazot”AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.
Bahriniso Madumarova tayyorladi.


