Sirdaryo viloyatida Suriyadagi terroristik tashkilot safiga chiqishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyatida yashovchi R.A.ning Suriyadagi terroristik tashkilot tarafdorlari safiga chiqib ketishi oldi olingan.
R.A. 2017-2021 yillarda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida ishlashi davomida internet orqali Suriyadagi terroristik tashkilot aʼzolarining taʼsiriga tushib qolgan. U Telegram ijtimoiy tarmog‘ida yoshlarga ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarni jo‘natib, ularni yollash va yoshlarni Turkiya orqali Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, R.A. Turkiya davlati orqali Suriyadagi terroristik tashkilot safiga chiqib ketishi vaqtida ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.


