Kuni kecha mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida uy egasiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi ayol olti nafar talaba bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, uyining bir qismini vaqtincha talabalarga yashash uchun ajratgan. Shu kuni “Hududgaz poytaxt” MCHJning tuman filiali xodimlari ushbu uyning yerto‘lasidagi isitish pechi tekshirilganda, uning o‘rnatilgan joyi texnika xavfsizligi qoidalariga zid ekani aniqlangan. Shunga qaramay ayol ijarada yashovchi talabalarga gaz idorasi xodimi bilan telefon orqali gaplashib, undan og‘zaki ravishda ruxsat olganini aytgan. Shundan so‘ng ijarachi talabalarga isitish pechi yonganda gaz hidi chiqadigan nosoz dudbo‘ronni sozlab olishlari uchun ruxsat bergan. Talabalar esa isitish pechini sozlab, uyning xonalarini isitib, ishlatib kelgan.
Uy egasining Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2-ilovasi, 139-qismining bir qancha bandlari qoidalarini mensimaganligi oqibatida ijarada yashovchi 5 nafar ijarachining murdalari nomaʼlum etiologik moddadan zaharlanish tashxisi bilan topilgan.
Ijarachi ayol Jinoyat kodeksining 102-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Munojat Valiyeva


