U-17 futbol bo‘yicha Jahon chempionatining nimchorak final bosqichida Italiya terma jamoasidan (2:3) mag‘lubiyatga uchragan uchrashuvdan so‘ng, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jamoa bilan faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
Ismoilovning aytishicha, U-17 terma jamoasi uchun Jahon chempionati ushbu yosh toifasidagi so‘nggi bosqich bo‘lib, jamoa bugungi natija bilan o‘z faoliyatini rasman tugatdi. Shu munosabat bilan murabbiylar shtabi, futbolchilar va texnik xodimlar terma jamoa tarkibidan ketishdi.
“Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U-17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi”, — deb yozdi Ismoilov o‘zining rasmiy sahifasida.
Shuningdek, murabbiy uchrashuv davomida yuzaga kelgan ayrim vaziyatlarga izoh berar ekan, futbolchilarning maydonda provokatsiyaga berilib qolganini eslatib o‘tib, o‘yin oldidan berilgan ko‘rsatmalar qayta-qayta ta’kidlanganini, biroq ayrim futbolchilar baribir bunga amal qilmaganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, professionallik talablari asosida berilgan ogohlantirishlarga qaramay, ayrim futbolchilarning hissiyotlarga berilishi jamoadoshlarini qiyin ahvolga solishi mumkin.
Bundan tashqari, murabbiy o‘yinda bir necha futbolchilarning sirpanib ketgani bo‘yicha savollarga javob berdi. Ismoilov bunga ayrim futbolchilarning noto‘g‘ri turdagi — plastik tishli butsalardan foydalangani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
“Har xil maydon sharoiti uchun futbolchilarda kamida 2–3 turdagi butsa bo‘lishi kerakligini doimo uqtirib kelganmiz. Bunga qaramay, ayrim futbolchilar bularga amal qilmagan. Futbolda mayda detal bo‘lmaydi”, — dedi Ismoilov.
U-17 jamoasining yangi avlodi 2026-yildan boshlab shakllantiriladi va u hozirda Sergey Chigodayev boshchiligidagi U-16 terma jamoasi asosida tuziladi.


