
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati xabar berishicha, Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi Bilbao shahridan maxsus yuk kemasida yuborilgan.
Poyezdlar 4000 km masofani bosib o‘tib, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yetkazilgach, u yerda harakat tarkibining barcha vagon va lokomotivlari yig‘ilib, yaxlit holatga keltirilgan va 20 iyul kuni temir yo‘l orqali O‘zbekistonga jo‘natilgan.
Yangi poyezd va vagonlar 24 iyul kuni kechki payt Toshkentga yetib keldi.
Bunga qadar O‘zbekistonga “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan tezyurar poyezdlardan to‘rtta olib kelingan bo‘lsa, bugungi tarkib beshinchisi bo‘ldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ joriy yil yakuniga qadar yana bitta shu turdagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd keltirilishini maʼlum qilmoqda.


