1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Lifestyle

Isroil-Falastin o‘rtasidagi bugungi ziddiyatlar qachon boshlangan?

Isroil-Falastin o‘rtasidagi bugungi ziddiyatlarni anglash uchun tarixga yana bir nazar tashlashga to‘g‘ri keladi.

Isroil-Falastin o‘rtasidagi bugungi ziddiyatlar qachon boshlangan?

Isroil-Falastin o‘rtasidagi bugungi ziddiyatlarni anglash uchun tarixga yana bir nazar tashlashga to‘g‘ri keladi. 1947 yilning 29 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Iordan daryosining G‘arbiy sohilida ikkita mustaqil – Falastin va Isroil davlatlari tuzilishi borasida 181- raqamli rezolyutsiya qabul qildi. 1948 yilning 14 may kuni yahudiylarning Milliy Kengashi Isroil Davlati tuzilganini e’lon qildi. Biroq, bir tomondan bu hududlarga qo‘shni arab davlatlarining da’vogarlik qilishi bois arablarga tegishli hududlarda davlat tuzilgani yo‘q. O‘shanda arab davlatlari BMTning Falastin hududlarini bo‘lib tashlash to‘g‘risidagi qaroriga qarshi chiqqishdi. Arablar va isroilliklar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar tufayli 1948-49 yillarda birinchi Arab-Isroil urushi yuz berdi. O‘sha yilning 14 may kuni kechqurun arab davlatlarining 30 ming harbiydan iborat qo‘shini bir necha soat avval paydo bo‘lgan Isroil davlati hududlariga bostirib kirdi.

 

Isroil Mudofaa armiyasi (CAXAL) Suriya, Misr, Iordaniya, Livan, Iroq, Saudiya Arabistoni va Falastin armiyasi askarlariga qarshi turdi. Bu urushning yakuni o‘laroq Isroil Falastin davlatiga ajratilgan hududlarning katta qismini va Quddus g‘arbini egallab oldi. Iordan daryosining G‘arbiy sohili va Sharqiy Quddus Iordaniyaga, G‘azo mintaqasi esa Misrga o‘tdi. Bosib olingan hududlarda istiqomat qiluvchi bir millionga yaqin aholi o‘z yurtlaridan bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. Bu o‘z navbatida falastinlik qochqinlar bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirdi.

 

1949 yilning fevral — iyul oylarida BMT vositachiligida Isroil va Arab davlatlari o‘rtasida kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, muvaqqat chegaralar belgilandi. Biroq, Davlat chegaralari, shuningdek, Quddusning xalqaro maqomi belgilanmadi. Birinchi Arab-Isroil urushi Falastin Arab Davlati tashkil etilishiga sabab bo‘lmadi, balki Yaqin Sharqda jiddiy siyosiy va ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Arab davlatlari Isroil bilan urush holatida ekanliklarini ta’kidlashdi va Isroil davlatining mavjudligini “agressiya” sifatida baholadilar. Bu o‘z navbatida mojaroalarning avj olishiga sabab bo‘ldi.

 

Mintaqadagi keskinlik 1956 yilning oktyabrida Suvaysh kanalining kelajagi bilan bog‘liq masala yuzasidan yanada jiddiylashdi. Ma’lumki, o‘sha yilning 26 iyul kuni Misr hukumati Suvaysh kanalini davlat ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Kanalning aksiyadorlari bo‘lmish Frantsiya va Buyuk Britaniya “Mushketyor” shartli nomi ostida harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Ular zarbdor kuch sifatida Isroildan foydalanishga qaror qilishdi. 1956 yilning 29 oktyabr kuni Isroil Sinay yarim orolida Misrga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. Ertasi kuni esa Britaniya va Frantsiya harbiy samolyotlari Misrga bomba yog‘dira boshladi. Bir haftadan keyin ular Port Saidga kirib borishdi. Isroil qo‘shinlarining Sharm-ash-Shayx shahrini egallab olishi bilan harbiy amaliyot 5 noyabr kuni yakunlandi. Shu tariqa Sinay yarim oroli to‘laligicha va G‘azo mintaqasi Isroil nazoratiga o‘tdi. 6 noyabr kuni kechqurun O‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuv kuchga kirdi. 1957 yil boshlarida ingliz va frantsuz qo‘shinlari Suvaysh kanali hududlaridan, Isroil harbiylari esa Sinay yarim orolidan olib chiqildi. Sinay yarim oroli va Sharm-ash-Sheyx portiga BMT kuchlari joylashtirildi.

 

Tarixga “olti kunlik urush” nomi ostida kirgan Uchinchi Arab- Isroil urushi 1967 yilning 5 iyun kuni boshlandi. Misr, Suriya va Iordaniya o‘z qo‘shinlarini Isroil chegaralariga olib borishdi va BMT tinchlikni saqlovchi kuchlarini haydab yubordilar. Isroil kemalarini Qizil dengiz va Suvaysh kanaliga kirishiga yo‘l qo‘yishmadi. Biroq, Isroil ham qarab turmadi. Urushning birinchi soatlaridanoq Isroil arab davlatlari aviatsiyasining katta qismini ishdan chiqarib, tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Olti kunlik urush davomida Isroil Misr frontida Sinay yarim orolini, Suriya frontida esa Jo‘lon tepaliklarini, Iordaniyaning g‘arbiy viloyatlarini qo‘lga kiritdi. 12 iyun kuni o‘zaro kurashayotgan tomonlarning kelishuvga erishishi bilan urush yakunlandi. Bitimga ko‘ra, Isroil Suvaysh kanali g‘arbidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqdi. Biroq, Sinay yarim oroli va G‘arbiy Suriyada qo‘shinlarini qoldirdi.

 

1969 yilda Misr Sinay yarim orolini qaytarib olish maqsadida Isroilga qarshi urushga kirishdi. Isroil armiyasining yuqori darajali jangovor qobiliyati va AQShdan yangi qiruvchi samolyotlar olgani bois harbiy harakatlar Misr hududlarining ichkarisigacha kirib bordi. Isroil aviatsiyasi nafaqat harbiy inshootlarga, balki iqtisod tarmoqlariga ham zarba berdi. AQShning diplomatik sa’y-harakatlari bois urush 1970 yilning 7 avgust kuni mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning hududlari o‘zgarmasligini tan olishni ko‘zlagan bitim imzolanilishi bilan yakunlandi.

 

Arab-Isroil beshinchi urushi 1973 yilning 6 oktyabr kuni boshlandi. Yahudiylar uchun muqaddas bo‘lgan o‘sha kuni Misr Sinay yarim oroliga, Suriya esa Jo‘lon tepaliklariga bostirib kirdi. Moskva va Vashingtonning vositachiligida Urush harakatlari Suriya frontida 24 oktyabr kuni, Misr frontida esa 25 oktyabr kuni to‘xtatildi. 1974 yilning yanvar oyida Misr va Isroil o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi. Oradan to‘rt oy o‘tib, Suriya va Isroil harbiy qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

 

Oltinchi (Livan) urush 1982 yilda “Galiley uchun tinchlik” shartli nomi ostida boshlandi. Isroil “mamlakatning shimoliy hududlarida tinchlik o‘rnatish va xavfsizlikni ta’minlash”ni bahona qilib harbiy harakatlarni boshladi. Suriya armiyasi, Falastin otryadlari va Livan harbiylariga zarba bergan Isroil qo‘shinlari Tir va Sidon shaharlarini egallab, poytaxt Bayrutga kirib bordi. O‘shanda bir guruh ekstremistlar Sabra va Shatila qochqinlar lagerida yuzlab qurolsiz falastinliklarni o‘ldirgan edi. AQSh davlat kotibi Jorj Shults vositachiligida bir necha oy davom etgan muzokoralardan so‘ng, 1983 yilning 17 may kuni Isroil va Livan o‘rtasida Kelishuv imzolandi. 1985 yilda Isroil Livanning asosiy hududlaridan harbiylarini olib chiqdi, biroq bufer hududlarida Isroil askarlari 2000 yilgacha qoldirildi.

 

Birinchi Falastin intifadasi (Falastin arablarining Isroil davlatiga qarshi qurolli kurashi) 1987 yilning 9 dekabrida boshlab, olti yil — ya’ni 1993 yilgacha davom etdi. Birinchi intifada falastinliklar Isroilga qarshi kurashda tosh va qo‘lbola qurollardan foydalangani bois “toshlar urushi” deb ataladi. Bu urushga Arab-Isroil urushi davrida bosib olingan hududlarda istiqomat qilayotgan falastinliklar orasida ishsizlikning ko‘payishi sabab bo‘ldi. O‘shanda G‘azo mintaqasidagi Jabaliya qochqinlar lagerida norozilik namoyishi boshlab ketdi. 1988 yilning 31 iyul kuni Iordaniya podshohi Husayn intifada natijalarini kutmayoq, o‘z mamlakati Iordan daryosining G‘arbiy sohili va Sharqiy Quddusdan voz kechishini ma’lum qildi. 15 noyabr kuni Falastin Ozodlik Tashkilotining Milliy Kengashi poytaxti Quddus bo‘lgan Falastin Davlati tuzilgani xaqida qaror qabul qildi. 1989 yilning 2 aprel kuni Falastin Ozodlik Tashkiloti Ijroiya Qo‘mitasi raisi Yosir Arofat Falastin Davlatining prezidenti etib saylandi.

 

1989 yilda Isroil intifada ko‘rinishlarini butunlay yo‘q qilmagan bo‘lsa-da, uni bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Falastin harakatlari bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Uzoq vaqtdan beri bu fraksiyalar bir-birlari bilan kurashib kelmoqda. 1993 yilning 13 sentabr kuni Isroil va Falastin Ozodlik Tashkiloti bosib olingan hududlarda «O‘z o‘zini boshqarish Muvaqqat prinsiplari to‘g‘risidagi Deklaratsiya”ni imzoladi. Bu hujjat Isroil va Falastin Ozodlik Tashkilotining bir-birlarini tan olishini anglatadi.

 

«Intifada al Aqso» deb nomlanuvchi ikkinchi intifada 2000 yilning sentyabrida boshlandi. Bunga «Likud» blokining rahbari Ariel Sharonning Quddusdagi Al-Aqso masjidi joylashgan hududga borishi sabab bo‘ldi. Erishilgan Tinchlik bitimiga ko‘ra barcha din vakillarining bu hududga borishi taqiqlanmagan. 2000 yilning oktyabr oyida Isroil shimoldagi arab shahar va qishloqlarida ommaviy namoyishlar, mitinglar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar mashinalarga tosh uloqtirib, shinalarni yoqib yuborishdi. Politsiya vakillari bilan to‘qnashuvlar ham bo‘lib turdi. Ikkinchi intifada davrida terror hujumlari ham bo‘lib turdi. Isroil hukumati bunga keskin javob qaytardi. Ayrim hollarda terror tashkilotlarining a’zolari yo‘q qilindi. Intifada 2002 yilning mart oyida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bir qator shaharlarda yirik terror hujumlari qayd qilindi. 2002 yilning aprel oyidan boshlab intifada susaya boshladi.

 

2004-yilning noyabrida Parijdagi kasalxonada falastinliklarning rahbari Yosir Arofat vafot etdi. Undan avval Isroil Harbiy havo kuchlari XAMAS rahbari sheyx Ahmad Yasin va uning vorisi Rantisini yo‘q qildi. Arboblarning sahnadan ketishi bilan intifada butun Falastin hududlarini qamrab olmadi, balki ayrim mintaqalarda tartibsiz davom etdi.

 

2006-yil 12-iyulda boshlangan Ikkinchi Livan urushi arab dunyosida “Iyul urushi”deb ataladi. Bu urushda Isroil harbiy kuchlari Livan janubida faoliyat yurituvchi “Xezbollah” radikal guruhi jangarildarga qarshi harbiy harakatlar olib bordi. O‘shanda harbiy harakatlar 14-avgustgacha davom etgan edi. Urush BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qilganidan so‘ng tugadi. 2006-yilning 1-oktabrida Isroil Janubiy Livan hududlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqqanidan so‘ng, bu hududlar Livan armiyasi bo‘linmalari va BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari nazoratiga o‘tdi.

 

Isroil G‘azo mintaqasida 2008-yilning 27-dekabrida harbiy amaliyot boshladi. 2009-yilning 3-yanvarigacha havodan zarba berildi. Bir hafta maboynida G‘azo mintaqasidagi 750 dan ortiq obyekt yo‘q qilindi. Bunga javoban falastinliklar Isroil janubiy mintaqalariga 500 ta raketa otdi. Urush tufayli falastinliklardan 430ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Isroil tomonidan esa 4 kishi halok bo‘ldi. 3-yanvar kuni Isroil qo‘shinlari G‘azo mintaqasiga qadam qo‘ydi. O‘sha yilning 18 yanvar kuni bosh vazir Exud Olmert Isroil bir tomonlama harbiy amaliyotlarni to‘xtatishi borasida bayonot bilan chiqdi. Biroq qo‘shinlar G‘azo mintaqasida qolishini va jangarilar tomonidan bo‘ladigan zarbalarga javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi.

 

Tahlilchilarning fikricha, bu urush oqibatida 1,3 ming nafar falastinlik halok bo‘lib, 5,5 ming kishi jarohat oldi. Mintaqadagi inshootlarning 14 foiz, jumladan 4 mingta turar joy binosi, 48 ta ma’muriy bino, 30 ta politsiya idorasi, 20 ta masjid, 18 ta maktab, bir nechta kasalxona, suv quvurlari vayron bo‘ldi.

 

Sharofiddin To‘laganov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика