Al Jazeera xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari (TsAXAL) 9-avgust kuni G‘azo shahrida joylashgan “Ash-Shifa” shifoxonasi kiraverishidagi jurnalistlar chodiriga zarba bergan. Hujum oqibatida telekanal muxbiri Anas al-Sharif va uning to‘rt hamkasbi halok bo‘lgan. Ular hududdagi insoniy ahvol haqida ma’lumot to‘playotgan paytda bo‘lgan.
Isroil harbiylari zarba aynan Anas al-Sharifga qaratilganini tasdiqladi. TsAXAL bayonotida aytilishicha, u o‘zini jurnalist sifatida ko‘rsatgan, biroq aslida qurolli guruhlar a’zosi bo‘lgan. Biroq Al Jazeera rahbariyati bu da’volarni qat’iyan rad etib, al-Sharif rasmiy akkreditatsiyadan o‘tgan va ko‘p yillik tajribaga ega jurnalist bo‘lganini ta’kidladi.
Al Jazeera bosh muharriri Muhammad Muavadning so‘zlariga ko‘ra, Anas al-Sharifning faoliyati tufayli butun dunyo G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy mojarolarning asl ko‘lamidan xabardor bo‘lib kelgan. Xalqaro jurnalistlar tashkilotlari ham hodisani qoralab, bu kabi hujumlar matbuot erkinligiga tahdid solishini aytdi.
BMT va inson huquqlari tashkilotlari Isroilning ushbu harakatini mustaqil tergov qilishga chaqirdi. So‘nggi oylar ichida G‘azoda yuzlab mahalliy va xalqaro jurnalistlar o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi yoki yaralandi. Mutaxassislar bu holat urush hududlarida jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro mexanizmlarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.


