Isroillik tadqiqotchilar inson organizmda qarish jarayonini sekinlashtirishga yordam beradigan yangi immun hujayralar turini aniqladi. Katta ilmiy qiziqish uyg‘otgan ushbu kashfiyot Nature Aging jurnalida chop etilgan bo‘lib, biologik qarishning asosiy mexanizmlarini tushunishda yangi sahifa ochdi.
Olimlar CD4-Eomes deb ataladigan maxsus T-hujayra turini topdi. Bu hujayralar organizmda “senescent” — yaʼni qarigan va zararli o‘zgarishlarga uchragan hujayralarni aniqlab, ularni yo‘q qilishga yordam beradi. Senescent hujayralarning ortishi qarish, to‘qimalarning zaiflashuvi, yallig‘lanish va ko‘plab kasalliklarning rivojlanishida muhim omil sanaladi.
Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar shunu ko‘rsatdiki, agar CD4-Eomes hujayralari kamaytirilsa, qarigan hujayralar tez ko‘payadi, mushaklar va organlar faoliyati sustlashadi, hatto umr davomiyligi qisqaradi. Aksincha, ularni saqlab qolish yoki kuchaytirish qarishni sekinlashtirishga yordam beradi.
Tadqiqotchilar bu hujayra turi insonlarda ham mavjudligini tasdiqladi. Qiziqarli jihati shundaki, CD4-Eomes hujayralari uzoq umr ko‘rgan ayrim shaxslarda — 100 yoshdan oshgan “super yoshi katta” insonlarda — ko‘proq uchragan. Bu holat ularning immun tizimi qarishga qarshi faol kurashgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Mazkur kashfiyot qarishga qarshi kelajak terapiyalar uchun yangi yo‘nalish ochishi mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, agar CD4-Eomes hujayralarini sunʼiy ravishda ko‘paytirish yoki faollashtirish imkoniyati yaratilsa, senescent hujayralarni nazorat qilish osonlashadi va sog‘lom umr davomiyligi oshiriladi.


