Istanbulda Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) va politsiya Birlashgan Arab Amirliklari bilan bog‘liq deb gumon qilingan josuslik tarmog‘ini aniqladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh mudofaa sanoati va Tashqi ishlar tizimida faoliyat yurituvchi muhim xodimlar haqida maxfiy ma’lumot to‘plab kelgan. Bu haqda Ilkha agentligi xabar bermoqda.
Guruh a’zolari turk GSM raqamlaridan foydalanib soxta profillar yaratgan va ular orqali mudofaa sanoati rahbarlari hamda diplomatik aloqa tizimida ishlovchi xodimlarning shaxsiy va bio-ma’lumotlarini yig‘ishga uringan.
25 noyabr kuni o‘tkazilgan keng ko‘lamli operatsiya chog‘ida uch kishi qo‘lga olingan. Yana bir gumonlanuvchining mamlakatdan chiqib ketgani aniqlanib, unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan. Hozirda qo‘lga olingan qurilmalar ekspertizadan o‘tkazilmoqda.


