Joriy yil yanvar oyida Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Qotillik 24-yanvar kuni Istanbul shahrida sodir bo‘lgan. Shaharning Shishli tumani Feriko‘y mahallasidagi chiqindi konteyneridan boshsiz tana topilgan. Keyinchalik ushbu jasad O‘zbekiston fuqarosi, 37 yoshli Durdona Hakimovaga tegishli ekani aniqlangan.
Tergov jarayonida huquq-tartibot organlari yana bir qurbon mavjudligini aniqladi. Ma’lum qilinishicha, Umraniye tumanidagi uyda yana bir ayol o‘ldirilgani aniqlangan. U marhuma Durdona Hakimovaning birga yashab kelgan sherigi, 32 yoshli Sayyora Ergashalieva bo‘lib, 23-yanvardan buyon bedarak yo‘qolgan sifatida qidiruvda bo‘lgan.
Tergovchilar fikriga ko‘ra, u birinchi bo‘lib o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng ikkinchi qurbon o‘ldirilgan degan taxmin ilgari surilmoqda.
Politsiya gumonlanuvchilar yashagan uy atrofidagi kuzatuv kameralarini o‘rgangan. Videoyozuvlarda turli kunlarda qora paketlar uy tashqarisiga olib chiqilgani, shuningdek oq chamadon olib chiqilib, chiqindi konteyneriga tashlab ketilgani aks etgan.
Hozirda mazkur jinoyatlar o‘zaro bog‘liq yoki bog‘liq emasligi yuzasidan tergov ishlari davom ettirilmoqda.


