Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Izboskan tumanida hokim yordamchisi ish vaqtida kresloda yotib olib, Tiktokda video tomosha qilgani aks etgan xabar tarqaldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, videomaterial joriy yilning 6-iyun kuni Yo‘ldoshev Muhammadyusuf tomonidan tasvirga olingan. Unda hokim yordamchisi Umirzaqov Xojimurod hokimiyat ichki tartib-qoidalariga zid tarzda etika va estetika qoidalariga amal qilmay, xujjatlarning sochilgan holatlariga ham qaramay o‘tirgan jarayoni ko‘rsatilgan. Mana shu holat esa tasvirga yozib olingan va 15 iyun kuni turli tarmoqlarda aylanishni boshlagan.
“Shu o‘rinda oddiy haqiqatni ham aytish lozimki, yerda sochilgan turli xujjatlar tasvirga oluvchi tomonidan tushirilgan. Tasvirchining bu holatni o‘z bo‘yniga olgan audioyozuvlari mavjud”, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan tuman hokimi S. Ismoilov 16-iyun kuni hokimiyat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xodimlar (o‘rinbosarlar, bo‘lim boshliqlari, shoʻba mudirlari, mutaxassislar hamda texnik xodimlar) uchun yig‘ilish o‘tkazgan. Tuman hokimi mazkur holat barchaga dars bo‘lishini, tuman hokimiyati binosi hududida tartib-qoida hamda etika va este’tika qoidalariga qat’iy amal qilish, kuchli intizomni shakllantirish, tuman hokimyati binosiga keluvchi barcha fuqarolar bilan sog‘lom muomala madaniyatini kuchaytirish kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma-topshiriqlar bergan.
Yig‘ilish so‘nggida bunday holatni takrorlamasligi uchun barcha qat’iy ogohlantirilgan va yakuniy qaror e’lon chiqarilgan. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Xojimurod Umirzoqov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.


