Xabaringiz bor, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olayotgan talaba-qizni zo‘rlashga qaratilgan hatti-harakatlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda videoxabarlar tarqaldi. Shuningdek, mazkur noxush voqea davomida qiz binoning 2-qavati oynasidan pastga itarib yuborilgani aytilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanuvchining salomatligi haqida rasmiy maʼlumot berildi.
SSV axborot xizmati maʼlum qilishicha, bemor M.K. joriy yilning 18-oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tezkor tekshiruvlar natijasida unga kattatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo‘yilgan.
Shuningdek, bemor olib kelinganida peshona sohasiga birlamchi jarrohlik ishlovi berilib, tikilgan. Shokka qarshi amaliyotlar o‘tkazilib, markazning travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng mazkur bo‘limda belgilangan standartlar asosida qator terapiya amaliyotlari bajarilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, har kuni jarohatiga xirurgik ishlov berilgan. Uch kun mobaynida dinamikada “UZI” qilingan. Qon tahlillari tekshirilgan. Qo‘shimcha mutaxassislar jalb qilingan.
Hozirda bemorning dinamikali ahvoli qoniqarli. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali shifokorlari tomonidan muolajalar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Тoshkent Pedagogika instituti talabasiga "zamdekan"i tegajog‘lik qilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


