Toshkent shahrida Prezident maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Sameh Vahba bilan uchrashdi. Tomonlar ekologiya, iqlim siyosati va barqaror rivojlanish bo‘yicha strategik hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi. Jahon bankining O‘zbekistondagi ekologik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi faol roli alohida e’tirof etildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning yangilangan iqlim majburiyatlari — 2035-yilgacha issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga qisqartirish va 2060-yilga qadar uglerod neytralligiga erishish rejalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, poytaxtdagi havo sifati, xususan PM2.5 ko‘rsatkichlarining yuqoriligi muhokama qilinib, sanoat obyektlarida tozalash tizimlarini modernizatsiya qilish va monitoringni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan muhim taklif — Markaziy Osiyoda birinchi zamonaviy havo sifati laboratoriyasini “Green University” bazasida tashkil etish bo‘ldi. Taxminiy qiymati 1 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha ifloslantiruvchi moddalarning chuqur tahlili va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlari, innovatsiyalarni joriy etish hamda “Green University”ni mintaqaviy ilmiy markazga aylantirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.


