1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Jahon bozorlarida oltin narxi ilk bor 5 ming dollardan oshdi

2025-yildan buyon oltin qiymati 60 foizdan ortiq qimmatlab, tarixiy rekord qayd etdi.

Jahon bozorlarida oltin narxi ilk bor 5 ming dollardan oshdi

 

Jahon moliya bozorlarida geosiyosiy xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda oltin narxi keskin oshdi. Qimmatbaho metall qiymati ilk bor bir unsiya uchun 5 ming dollar chegarasidan oshdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yildan buyon oltin narxi 60 foizdan ortiq qimmatlab, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Mutaxassislar buni global beqarorlik, siyosiy keskinliklar va investorlarning xavfdan qochib, xavfsiz aktivlarga yo‘nalyotgani bilan izohlamoqda.

 

Narxlarning oshishiga xalqaro siyosiy vaziyatdagi keskinlik ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, AQSh va NATO o‘rtasida Grenlandiya masalasi yuzasidan yuzaga kelgan tortishuvlar, shuningdek, moliyaviy bozorlardagi noaniqlik investorlar ishonchiga bosim qilmoqda. AQSh prezidenti Donald Trampning savdo siyosati ham bozorlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. U 24-yanvar kuni Kanada Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzgan taqdirda 100 foizlik boj joriy etilishi mumkinligini bildirgan.

 

Oltin va boshqa qimmatbaho metallar an’anaviy ravishda xavfsiz aktiv sifatida baholanadi. Bozorlarda beqarorlik kuchaygan davrlarda investorlar ushbu turdagi aktivlarga ustunlik beradi. 23-yanvar kuni kumush narxi ham tarixiy darajaga yetib, bir unsiya uchun 100 dollardan oshdi. Bu 2025-yil davomida qariyb 150 foizlik o‘sishdan keyingi navbatdagi oshish sifatida qayd etildi.

 

Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabning oshishiga yuqori inflatsiya, AQSh dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar tomonidan oltin xaridlarining ko‘payishi hamda AQSh Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkalari pasaytirilishi kutilayotgani sabab bo‘lmoqda.

 

Oltinning jozibadorligi uning kamyobligi bilan ham bog‘liq. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar dunyo bo‘yicha 216 ming tonnadan ortiq oltin qazib olingan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика