
Odamlarni eng ko‘p aktyorlarning kiyimlari qiziqtiradi. Odatda, aktyorlarga liboslarni biror bir dizaynerlik firmasi reklama maqsadida taqdim etadi. Syomkalardan keyin esa ular maxsus do‘kon peshtaxtalariga jo‘natiladi yoki kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Lekin liboslarning aksariyati g‘oyib bo‘ladi. Masalan, “Raley” studiyasidan umumiy miqdori 63 ming dollarli dizaynerlik buyumlari yo‘qolgan.
“Yulduzli yo‘l” teleseriali
Politsiya “Yulduzli yo‘l” teleseriali tasvirga olish maydonidan o‘g‘irlangan buyumlarni ikki yildan buyon qidiradi. O‘marilganlarning atigi uchdan bir qismi topildi, xolos. Ular ichida “Warner Brothers” studiyasida g‘oyib bo‘lgan Betmen kostyumi ham bor edi.
“Yulduzli janglar”
“Yulduzlar jangi” filmini suratga olish maydonchasidan lazerli qilich va axlat qutilaridan yasalgan android robotlar o‘marilgan. Bu, ayniqsa, axlat qutilarini sevuvchi Lukasning g‘azabini keltirgan.
“Shlyapadagi mushuk”
“Shlyapadagi mushuk” filmi syomka maydonidan 55 ming dollarlik buyumlar o‘g‘irlanadi. O‘marilgan narsalar orasida ikki metrli ko‘k ko‘zoynak, bir metrli kalit, golf uchun mo‘ljallangan bir metrli bayroq va 60 kilogrammli koptok bor edi.
“78 paragraf”
“78 paragraf” filmi bahaybat reklama suratidan ayrilib qoladi. Uni “Sadovoye kolso” ko‘chasidan o‘g‘irlab ketishadi. Uning o‘lchami 60x20 metr bo‘lgan.
“Garri Potter”
“Garri Potter” filmini suratga olish jarayonida o‘g‘irlangan 1962-yilgi “Ford Anglia” avtomobili ham katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Unda bosh qahramonlar — Garri va Ron uchgan edi. Eng qizig‘i, “Ford” mutlaqo buzuq bo‘lib, hatto, motori ham bo‘lmagan! Undan ham hayratlanarlisi, o‘g‘rilar hali ham topilgani yo‘q.
“O‘rgimchak odam”
“O‘rgimchak odam” filmi birinchi qismi tasvirga olinayotgan maydondan bosh qahramonning har biri 50 ming dollar turuvchi to‘rtta kostyumi o‘g‘irlanadi. Politsiya ularni darrov topa olmaganidan so‘ng film ijodkorlari yangi kostyum tikishga majbur bo‘ladi. Lekin ular asliga o‘xshamagani uchun kamerani qahramonga yaqin olib kelishmaydi.
“Keling, raqsga tushamiz”
“Keling, raqsga tushamiz” filmini tasvirga olish jarayoni nafaqat o‘g‘irlik, balki qotillik bilan ham bog‘liq. Filmda bosh qahramon Syuzan Sarandon taqqan 4 ming dollarli kolye yo‘qoladi. Kolye Kanadadagi “Royal Albert Arms” mehmonxonasidan topiladi. Taqinchoq topilgan xonada bir kishi o‘ldirib ketilgandi. Uning kimligi hali ham nomaʼlum bo‘lib qolmoqda.
“Sahroning oq quyoshi”
“Sahroning oq quyoshi” filmini tasvirga olish chog‘ida mayda bezorilar qilich bilan bosh qahramon o‘rtoq Suxovning bir necha soatini o‘g‘irlab ketadi. O‘sha paytda kartinaning uchdan ikki qismi suratga olib bo‘lingan, o‘g‘irlangan buyumlar uning qolgan qismida ham qatnashishi shart edi. Shu sababli, rejissyorlar mayda o‘g‘rilarga gapi o‘tadigan kallakesar Alini topib, undan yordam so‘raydi. O‘g‘irlangan buyumlar ertasi kuniyoq topiladi, Ali esa Suxovni qo‘lga olish sahnasida jinoyatchilardan biri rolini o‘ynaydi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.


