Janubiy Afrika Respublikasining Fri-Steyt provinsiyasida shaxta suv omborining suv to‘g‘oni buzilib, uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.
SABC maʼlumotlariga ko‘ra, voqea Yagersfonteyn yaqinidagi tashlandiq olmos konida sodir bo‘lgan. To‘rt kishi bedarak yo‘qolgan.
Mahalliy hukumatlar Charlsvil qishlog‘i va uning atrofida katta zarar ko‘rganini maʼlum qildi. Ko‘p oilalar uylarini tashlab ketishdi.
Fri-Steyt provinsiyasining bosh vaziri Sisi Ntombelaning aytishicha, to‘g‘on buzilishi oqibatida kamida 35 kishi, jumladan, homilador ayol jarohatlangan.
Hodisa sodir bo‘lgan hududda elektr energiyasi uzilgan, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.


