KXDR tomonidan istalgan yadro hujumi Kim Chen In rejimining tugashiga olib keladi. Bu haqda Janubiy Koreya mudofaa vaziri Li Chjon Sop maʼlum qildi.
U AQSH va Janubiy Koreyaning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahat uchrashuvi yakuni bo‘yicha bergan bayonotida aytgan.
“Mudofaa vaziri Ostin (AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin — tahririyat) va men yadro hujumi bo‘lgan taqdirda Kim Chen In rejimi qulashiga va alyansning kuchli javobiga duch kelishini tasdiqladik”, – degan u.
O‘z navbatida, Lloyd Ostin Seul va Vashington qo‘shma mashg‘ulotlarni davom ettirishini maʼlum qilgan.
Koreya yarimorolida eskalatsiya kuchayishi davom etmoqda. Kecha KXDR Yapon dengizi tomonda 3 ta ballistik raketa uchirgan. Ulardan biri qitʼalararo raketa hisoblanadi.


