
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida avtomashina poytaxt ko‘chalarida davlat raqami yechilgan holda topilgan.
Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, ichidagi ovoz kuchaytirgich, videoregistrator va 500 ming so‘m o‘g‘irlab ketilgani aniqlangan. Tezkor tadbir davomida jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchiga begona emasligi, balki uning yon qo‘shnisi ekani maʼlum bo‘ldi.
Fuqarodan nega bu jinoyatga qo‘l urgani haqida so‘ralganda, jarimadan qarzlari ko‘pligini bahona qildi. Shuningdek, u shaxsiy mashinasi jarima maydonida ekani, uni olib chiqish uchun esa 8 million kerakligini aytgan.
— Grijam bor, belim og‘riydi. Avtomobil o‘rindig‘ini oxirigacha yotqizib haydayman. Remen taqmayman. Shu sabab, har doim jarimaga tortilaman. Olgan jarimalarimning 90 foizi shu — remen taqmaganim uchun berilgan. Mashinam taloni ham belgilangan vaqtidan o‘tib ketgani uchun jarima maydoniga kiritilgan, — deydi u.
Z.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda avtomobil shinalari o‘rniga g‘isht qo‘yib ketayotgan o‘g‘irilar qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik.
Munojat Valiyeva


