11-dekabrdan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati uchrashuvlariga chiptalar sotuvining navbatdagi — tasodifiy tanlov bosqichi boshlandi. Ushbu bosqichda chiptaga ega bo‘lishni istovchilar FIFAning rasmiy platformasi orqali ariza topshirishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston milliy jamoasi muxlislari ariza shaklini to‘ldirish jarayonida “My Team Uzbekistan” bo‘limini tanlab, o‘zbekistonga ajratilgan sektorlar bo‘yicha chipta so‘rovi yuborishi mumkin.
Ariza topshirish muddati 2026-yil 13-yanvargacha davom etadi. Chiptalar egalari FIFA tomonidan 2026-yil fevral oyida tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi. Tanlovdan o‘tgan arizalarning to‘lovlari arizada ko‘rsatilgan karta ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
FIFA ta’kidlashicha, ayni paytda chiptalar narxi belgilanmagan. Narxlar ariza topshirish bosqichi yakunlangach — 13-yanvar kuni, har bir uchrashuvga bo‘lgan talab aniq bo‘lgandan so‘ng e’lon qilinadi. Shuningdek, narxlarni aniqlashda ishtirokchi jamoalar, stadion joylashuvi, uchrashuvning sanasi va boshlanish vaqti kabi omillar ham inobatga olinadi.


