Maʼlum qilinishicha, 30 iyul kuni tuman hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega M-39 avtomobil yo‘lining 967-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Samarqand—Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan samarqandlik 33 yoshli haydovchi boshqaruvidagi BMW avtomobili katta tezlikda harakatlanib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda bo‘lgan 26 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Nexia‘ni siqib yuborgan. Natijada qashqadaryolik Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa borib urilgan.
YTH oqibatida Nexia‘dagi yo‘lovchiga birinchi tez-tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida BMW haydovchisining shaxsiga aniqlik kiritilgan va hozirda ikkala mashina ham jarima maydoniga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


