Jizzax shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan qiz hayotdan ko‘z yumdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur hodisa aks etgan video tarqalganidan so‘ng, Jizzax viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati holat 2025-yil 7-dekabr kuni Jizzax shahrida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Videolarda piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan ikki nafar qizdan birini katta tezlikda harakatlangan avtomobil urib yuborgani aks etgan. Natijada voyaga yetmagan piyoda og‘ir tan jarohatlari olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy yordamga qaramay, jarohatlangan qiz 2025-yil 20-dekabr kuni vafot etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda gumon qilinuvchi qonunda belgilangan tartibda ushlangan. Jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


