4-may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan sel oqimlari to‘xtadi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, tumanning Peshag‘or, Achchi, Qang‘li va Sho‘rcha qishloqlaridan o‘tgan soylarda sel suvlari toshqini kuzatilib, Jizzax—Zomin avtomobil yo‘li yo‘lining 25, 26, 27-kilometrlari ustidan toshib o‘tgan.
Viloyat FVB rahbariyati va qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan hamda ikki nafar fuqaro sel oqimlaridan qutqarilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.
Ayni damda sel oqimlari to‘xtagan. avtomobil yo‘llari maxsus texnikalar yordamida sel qoldiqlaridan tozalanib, harakat qayta tiklangan. Voqea joyida viloyat FVB rahbariyati boshchiligida 140 nafar qutqaruvchilar va 8 ta maxsus texnika, xususan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning 83 nafar shaxsiy tarkibi hamda 25 ta maxsus texnikasi sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari bilan band.
Mutasaddilar tomonidan sel toshgan ko‘chalar, aholi xonadonlari o‘rganilmoqda.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.


