Jizzax viloyati Egizbuloq mahallasiga kelgan sel 70 dan ortiq qabrni oqizib ketgan. SES xodimlari aholi orasida turli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun suv va tuproq namunalarini olishdi hamda aholiga dori va antiseptik vositalari tarqatdi.
Forish tumanidagi tepaliklar orasidan kelgan sel birinchi bo‘lib Boyqo‘chqor ota qabristoniga urilgan. Buning natijasida qabristondagi 70 dan ortiq qabrlar yuvilib ketgan.
Qabriston go‘rkovi Sharob Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, qabristonga nomi berilgan Boyqo‘chqor ota ko‘milganiga 200 yildan ziyodroq vaqt o‘tgan, u insonning bo‘yi 2 metrdan uzunroq bo‘lgan, sel ushbu qabrni ham oqizib ketgan.
«Bu murdalarni qayoqqa olib ketganini bilmaymiz, qabristonga tegishli yangi binoni yarmini, eski qabrlarni ham olib ketgan. Pandemiya vaqtida qanaqa kasalliklar tarqaldi, ularni hammasi shu yerga qo‘yilgan. O‘shalarni hammasini tagi bilan olib chiqib ketib, aholi yashash joylariga urib yubordi. To‘rt ko‘chaning hovlisiga kirgan, keyin trassaga chiqib ketgan. Qancha mol o‘tlaydi, qancha odam yuradi, bu yerlarni tozalash uchun SES bor kuchini tashlash kerak», — dedi Sharob Yo‘ldoshev.
Olingan namunalar javobi 3 kundan 1 haftagacha bo‘lgan muddatda chiqadi. Agar suv namunalarida bironta infeksiya aniqlangudek bo‘lsa, profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi. Keyinchflik ham tekshiruvlar o‘tkazilib turiladi.


