1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida katta nutq so‘zladi

Bu Baydenning Prezident sifatida qatnashgan birinchi sammiti bo‘ldi. AQSH rahbari bir qancha muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida katta nutq so‘zladi

 

 

Pandemiya

 

"Biz yangi pandemiyalarga tayyor turishimiz kerak, u, albatta, bo‘ladi", deb taʼkidladi Bayden. Shuning uchun sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish zarur. Xususan, Bayden kelajakda global sog‘liqni saqlash tizimining yangicha moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, AQSHning boshqa davlatlarga pandemiyaga qarshi kurashda beryotgan yordamini alohida qayd etdi. Bayden Vashington shu kungacha 100 dan ortiq davlatga 100 milliondan ziyod vaksina yetkazib berganini maʼlum qildi.

 

Iqlim o‘zgarishi

 

Iqlim o‘zgarishi Bayden nutqida asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Bu sohada Vashington o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygani aytildi. Bayden AQSH 2050 yilga kelib "ekologik toza" iqtisodiyot yaratish niyatida ekanini aytgan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi o‘nglanmas nuqtaga kelganini, uning oqibatlariga qarshi kurashish zarurligini taʼkidladi.

 

AQSH yetakchisi rivojlanayotgan davlatlarning yangicha ekologik siyosatga moslashishi qiyin kechayotganini tan oldi. Shuning uchun AQSH bu turdagi mamlakatlarga 100 milliard dollar ajratishi eʼlon qilindi.

 

Global xavfsizlik

 

"AQSH tarixida to‘xtovsiz urushlar davri tugadi" — Bayden Vashingtonni Afg‘onistondan chiqib ketishini shunday izohladi. Endilikda Prezident taʼrifi bilan aytganda "to‘xtovsiz diplomatiya davri boshlandi". "Harbiy kuch — eng oxirgi chora", — degan Bayden. Shu bilan birga Amerika ittifoqchilari bilan birga global terrorizmga qarshi kurashda davom etishi taʼkidlandi.  Bundan tashqari u AQSH hududida yangi teraktlar xavfiga ham to‘xtalib, "Hozirgi AQSH 2001 yilgi AQSH emas, biz terrorizm tahdidiga  ilgarigidan ko‘ra samarali qarshilik qila olamiz", deb aytdi.

 

Bayden AQSH yangi sovuq urush davriga intilmayotganini maʼlum qildi.

 

AQSH yetakchisi Koreya yarimorolidagi keskin vaziyatga ham to‘xtalib o‘tgan. U yarimorolni to‘la yadro qurolidan holi hududga aylantirishga chaqirdi.

 

Prezident nutqida dunyoda avtoritar tuzum tobora xuruj qilayotgani, ammo bu demokratiyaning mag‘lubiyati emasligi alohida qayd etildi. Shuningdek, "Dunyoda hech qaysi demokratiya, hatto AQSHdagi demokratiya ham mukammal emas", degan Bayden.

 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashi xabar qilingan edi.

 

 

Jahongir Qo‘ziyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика