Ukraina hududida joylashgan AESlar xavfsizligini taʼminlanishi shart. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson maʼlum qildi.
"Fikrimcha, ushbu elektr stansiyalarini himoya qilish uchun qandaydir himoya tizimi bo‘lishi o‘ta muhim. Bu tizim xalqaro tuzilmalar, xususan, BMT va Xalqaro Atom energetikasi agentligining radiatsiya darajasini kuzatib borishi uchun yordam bergan bo‘lardi", — degan siyosatchi.
U Chernobil AES fojiasi qaytarilishidan xavotirda ekanini qayd etgan. Jonson Ukraina hududida boshqa AESlar va yadro chiqindilari ko‘milgan joylar borligini eslatdi.
"Kremlga Ukrainadagi fuqarolik obyektlarida yadro halokati yuz berishi Rossiya va boshqalar uchun ham xavli ekanini uqtirish kerak", — deb taʼkidlagan bosh vazir.
Maʼlumot o‘rnida: 4 mart kuni Zaporojye AESida yong‘in kelib chiqdi. Moskva va Kiyev hodisada bir-birini ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazmasligi maʼlum qilingandi.


