Bugungi jurnalistlar faoliyatini 5 balli tizimda baholang?
Mavjuda Mirzayeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari: Bugungi jurnalistlar faoliyatini baholashda davlat va nodavlat nashrlar jurnalistlariga ajratib olish zarur, agar shunday ajratib olinganda nodavlat nashrlar jurnalistlariga 5 baho berish mumkin, davlat kanallarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar saviyasi juda past.
Tursunali Akbarov, Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi: Jurnalistlarning faoliyatiga ularning erkinligidan ayro holda baho berib bo‘lmaydi. bahoyim: 3,5 ball.
Fotima Madrahimova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rahbari: 4 ball. OAV yildan yilga erkin va mustaqil faoliyat yurityapti. Qonunchilik asoslari ham mustahkamlanmoqda. Jamiyatdagi mavjud kamchilik va muammoli masalalarni qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqib, jamoatchilik eʼtiborini tortishyapti. OAV yordamida hal etilgan murojaatlar ham anchagina. Lekin baʼzi hollarda shaxsga doir maʼlumotlarni ruxsatsiz eʼlon qilish holatlari ham uchramoqda. Bu ham inson huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Besh qo‘l barobar emas. Professional tarzda aholini axborot bilan taʼminlayotgan OAV ham ko‘p.
Shohruh G‘iyosov, IIV matbuot xizmati rahbari: Jurnalistlar faoliyatini o‘zimning kasbiy vazifalarimdan kelib chiqib baholayman, yaʼni xaqqoniylik, tezkorlik, ishga obyektiv yondashuvli va muomala. O‘zim mutaxassisligim bo‘yicha jurnalist emas, huquqshunosman. Shunga jurnalistlarga baho berishga qiynalaman. Hozirgi O‘zbekiston jurnalistikasiga 100 dan 90 ball bergan bo‘lardim. Blogerlar bilan vaziyat boshqacharoq.
Laylo Rustamova, Xalq taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari: Bugungi zamonning haqiqiy professional jurnalistlari faoliyatiga 5 ball.
Aziz Obidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i: Adolat va xolislik nuqtayi nazaridan jurnalistlar faoliyatini keng jamoatchilik baholagani maʼqul. Mening bahoyim o‘ta subyektiv bo‘lishi barobarida ayrim jurnalistlarni ranjitib qo‘yishi va aksincha kimgadir o‘ta yuqori tuyulishi mumkin.
Sizningcha, odamlar blogerlarga ko‘proq ishonyaptimi yoki jurnalistlarga?
Mavjuda Mirzayeva: Blogerlarga.
Tursunali Akbarov: Uloq hozircha blogerlarda. Ular jurnalistlarga nisbatan ancha erkin, jinday hazil bilan aytsam, tepasida rahbar yo‘q. Jurnalistlarning materiali to matbuot (efir) yuzini ko‘rguncha necha chig‘iriqdan o‘tishini hamkasb sifatida yaxshi bilaman.
Fotima Madrahimova: Shaxsan men jurnalistlarga ko‘proq ishonaman. Chunki ular shu sohada maʼlum bir bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladi va jurnalist tayyorlagan material, albatta, muharrir ko‘rigidan o‘tadi. Shuning uchun ular axborot yetkazish masʼuliyatini yaxshiroq tushunishadi, deb uylayman.
Blogerlar esa jismoniy shaxs hisoblanadi va o‘zi bilganicha faoliyat yuritadi. Xabar yetkazishda o‘z munosabatini ham bildirishi mumkin. Baʼzida faqat bir tomonni eshitib his-hayajonga berilib, axborot tarqatadiganlar ham uchrab turadi.
Lekin blogerlar orasida avval jurnalist sifatida faoliyat yuritgan tajribalilari ham ko‘p.
Shohruh G‘iyosov: To‘g‘risini aytishimiz kerak, hozirda odamlarni eʼtibori televizordan, radio va nashriyotdan ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chib o‘tyapti. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda kim o‘z o‘rniga, auditoriyasiga ega bo‘lsa o‘shanga odamlar ko‘proq ishonishadi. O‘zi, umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqni ishontirish ham, aldash ham juda oson bo‘lib qoldi. Biz huquqni muhofaza qilish organlari sifatida bunga o‘z vaqtida taʼsir choralarini izlab topishimiz kerak. Aynan shunday sharoitlarda ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jurnalist va blogerlarni yordamiga tayanamiz.
Laylo Rustamova: Bu savolingizga javob bera olmayman. Menimcha buni ularning o‘zlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan holda aniqlash maqsadga muvofiq.
Aziz Obidov: Agar buzilgan huquqni tiklash yoki biron muammoni hal qilish borasidagi ishonchni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, yurtdoshlarimiz o‘z muammolarini vakolatli davlat organlarida hal qilsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Misol uchun, biron jurnalist yoki bloger yordamida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaati bilan sud qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lolmaydi. Bu masala faqatgina yuqori turuvchi sudning vakolatiga kiradi. Shunday ekan, Xalqimiz o‘z muammolari yechimi yuzasidan bevosita aynan tegishli davlat organiga murojaat qilishlari zarur, sud-huquq masalalari bo‘yicha esa advokatga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga.
O‘zingiz uchun doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar bormi va ular nega kerak? Blogerlar-chi?
Mavjuda Mirzayeva: Vazirlik bilan hamkorlikda doimiy ishlaydigan jurnalistlar bor, blogerlar yo‘q. Albatta, hamkorlik kerak. Chunki vazirlik tadbirlarini har safar har xil jurnalistga tushuntirib o‘tirishdan ko‘ra, shu sohani yaxshi bilgan muxbirlar bilan ishlash oson.
Tursunali Akbarov: Albatta, bor va ulardan minnatdormiz. Huquqiy mavzuga ixtisoslashgan jurnalistlar kam. Shu bois, ayni sohaga ixtisoslashgan jurnalist va blogerlar bilan ishlash nisbatan oson va samaraliroq. Shuning uchun ham ular kerak.
Fotima Madrahimova: Umuman olganda so‘rov bilan chiqqan barcha jurnalist va blogerlar bilan birdek ishlaymiz. Aholida negativ informatsiyaga ko‘proq qiziqish bo‘lgani uchunmi eʼlon qilgan xabarlarimiz ichidan nisbatan tanqidiylari ko‘proq yoritiladi.
Aytishim kerakki, Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash, qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha monitoring tashriflari, xalqaro aloqalari hamda o‘tkazilayotgan tadbir va uchrashuvlarni keng yoritayotgan jurnalistlar ham bor. Ulardan juda minnatdorman. Chunki bu ham huquqiy xabardorlikni oshirishda juda muhim.
Hozircha, blogerlar bilan kamroq ishlayapman. Chunki menga ko‘proq jurnalistlar murojaat qilishadi.
Shohruh G‘iyosov: Albatta, biz o‘z faoliyatimizni kengroq jamoaga yetkazishimiz kerak, bizning o‘zimizni resurslarimiz bunga yetarli emas. Shuning uchun axborot tarqatish masalasini bizga tanish bo‘lgan jurnalistlar va blogerlar orqali hal etishga harakat qilamiz. Ko‘p OAVda aynan huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida ishlaydigan jurnalist va muxbirlar bor. Aynan shu yo‘nalishga ixtisoslashgan blogerlar ham, biz ular bilan doimiy birga ishlash jarayonida, o‘zaro hurmat va teng huquqlilikka asoslangan jamoalar shakllangan. Boshqa viloyatlarda ham shunday. O‘ylaymanki, bunday hamkorlik biz hamda jurnalist va blogerlarga juda qulay bo‘lib, oxir-oqibat jamoatchilik o‘z vaqtida, haqqoniy va tezkor axborotga ega bo‘lib boradi.
Laylo Rustamova: Doimiy hamkorlikda ishlaydigan 10 ga yaqin jurnalistim bor. Ular nima uchun kerak degan savolingizga kelsak, doim birga ishlayotgan jurnalist sen faoliyat yuritayotgan sohani ham ancha ichiga kirib, sohani tushunadi. Har bir mavzuga chuqur va tahliliy yondasha oladi.
Aziz Obidov: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi sudlar har bir jurnalist va bloger bilan doimo hamkorlikda ishlashga tayyor. Biron jurnalist yoxud bloger bilan hamkorlikdan yuz o‘girish ijtimoiy adolat va odillik tamoyiliga zid. Agar kelgusida ixtisoslashgan (aytaylik faqat sud-huquq tizimini yoritishga ixtisoslashgan) jurnalist kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilsa, ehtimol faqat o‘sha jurnalistlar bilan hamkorlik qilish nisbatan qulaylik yaratar (sud-huquq tizimi faoliyatini yaxshi bilgani bois). Biroq ayni chog‘da bizning pozitsiyamiz juda aniq: sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, har bir fuqaro, jurnalist va bloger bilan hamkorlik va aloqani keng yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Faoliyatingizga nechchi baho berasiz? (5 balli tizimda)
Mavjuda Mirzayeva: 5 baho.
Tursunali Akbarov: Bu savolga javob berolmasligimni bilib turibsiz-ku?! Bizning faoliyatimizga Sizlar baho berasizlar, axir?! Savolingizga umumiyroq javob bersam, rosti, faoliyatim hali maqtangudek emas va buning o‘ziga yarasha sabablari bor.
Fotima Madrahimova: 4 ball. Chunki ko‘pincha Ombudsman uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Bolalar Ombudsmani faoliyatlarini yoritishga bir o‘zim masʼul bo‘lganim sababli, baʼzi loyihalarimizni amalga oshirish muddati biroz cho‘zilyapti.
Shohruh G‘iyosov: Faoliyatimni baholay olmayman, bu subyektiv fikr bo‘ladi. Lekin qo‘yilgan vazifalarni astoydil va tezkorlik bilan bajarishga harakat qilamiz. Doim biz deyman. Sababi, IIVning Axborot xizmatimiz bu katta va inoq jamoa, professional xodimlarimiz ko‘p, ijtimoiy tarmoqlarda ham, TV va radio, nashrlarda ham jamoatchilikka axborot yetkazishga usta bo‘lgan xodimlarimiz talaygina. Aynan shu xodimlarning mehnati bizning faoliyatimizga bahoni shakllantiradi.
Laylo Rustamova: O‘zimni faoliyatimga baho berishga ojizman. Menga boshqalar baho bergani maʼqul, deb o‘ylayman.
Aziz Obidov: Faoliyatimni baholashni ham keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etgan bo‘lardim. Zotan, inson o‘z faoliyatiga hech qachon obyektiv baho bera olmaydi.
O‘zingiz tashkil etgan matbuot anjumaniga ko‘proq jurnalistlar kelishini xohlaysizmi yoki blogerlarni? (faqat bittasini tanlang)
Mavjuda Mirzayeva: Blogerlar kelishini xohlardim. Chunki ularni o‘quvchisi ko‘proq, qamrov ko‘payadi.
Tursunali Akbarov: Menga qolsa, jurnalist va blogerlarga ajratmagan bo‘lardim. Modomiki, bittasini tanlash shart qilingan ekan, blogerlarga hurmat bildirgan holda jurnalistlarni tanlashga majburman.
Fotima Madrahimova: Jurnalistlar.
Shohruh G‘iyosov: Albatta, jurnalistlar bilan ishlash osonroq.
Laylo Rustamova: professional jurnalistlarni.
Aziz Оbidov: Matbuot anjumanida kimlar ishtirok etishidan qatʼiy nazar, umummanfaatli bo‘lishi, har bir ishtirokchi o‘zini o‘ylantirayotgan savolga aniq javob topa olishi kerak. Shu maʼnoda matbuot kotibida tanlash huquqi mavjud emas! Matbuot kotibi anjumanga kim kelishi haqida emas, uning qanday saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustida bosh qotirgani foydaliroq.
Jurnalist va matbuot kotibi bugun qanday ishlayapti?
Mavjuda Mirzayeva: Matbuot kotibi ko‘p hollarda jurnalistlar bilan hamkorlikni yo‘lga kuyishda qiyinchiliklarga uchramoqda. Chunki matbuot kotibining pozitsiyasi u ishlayotgan vazirlik pozitsiyasi bilan bir xil chiqmaydi.
Tursunali Akbarov: Aksariyat matbuot kotiblari o‘zi xizmat qilayotgan tashkilot faoliyati o‘zi xohlaganday, o‘zi tasavvur qilganday yoritilishini istaydi (va bu tabiiy). Jurnalistlarning esa o‘z qarashlari bor (buyam tushunarli)... Shu ikki omil doim ham uyg‘un kelavermasligi eʼtiborga olinsa, jurnalist va matbuot kotibi qanday ishlayotganini tasavvur qilish qiyinmas.
Fotima Madrahimova: O‘rtacha. Baʼzida tushunmovchilik holatlari ham bo‘ladi. Jurnalist va blogerlardan xabar tarqatayotganda ikki tomonni ham eshitib ko‘rishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Ombudsmanga kelib shunga amin bo‘ldimki, tanganing ikkinchi tomonida sizning xayolingizga ham kelmaydigan haqiqatlar bo‘lishi mumkin.
Shohruh G‘iyosov: Yuqoridagi savollarda bunga ham qisman javob berib ketdim. Menimcha, bahoni xalq beradi.
Laylo Rustamova: Bugun jurnalist va matbuot kotiblari o‘rtasida hamkorlik aloqalari hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz do‘stona tarzda yo‘lga qo‘yilgan.
Aziz Оbidov: Meningcha, matbuot kotibi ham, jurnalist ham o‘zining kasbiy vazifa va majburiyatlarini o‘z vaqtida, sidqidildan bajarishi kerak. Besh barmoq barobar bo‘lmagani kabi o‘z ishini sevadigan, fidoyi matbuot kotiblari ham, jurnalistlar ham talaygina. Aksincha, shunchaki, xo‘jako‘rsin uchun ishlaydigan matbuot kotiblari va jurnalistlar ham yo‘q emas.
Mualliflar: Moʻtabar Nurmuhammedova, Bahriniso Madumarova


