Qozog‘iston hukumati respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ)ning sobiq raisi Karim Masimovni terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatiga kiritdi.
Aytilishicha, ro‘yxatda Masimovning sobiq o‘rinbosarlari – Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham bor. Moliyaviy monitoring agentligi tomonidan yuritiladigan mazkur ro‘yxatga ular 1-iyul kuni kiritilgan.
“Jismoniy shaxsni terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatiga kiritish uchun Qozog‘iston Respublikasi sudining jismoniy shaxsni ekstremistik yoki terroristik jinoyatlarni amalga oshirishda aybdor deb topish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan hukmi asos bo‘ladi”, deyiladi xabarda.