Oziq-ovqat va ruhiy holat o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ularning barchasi stress va tushkunlikni butunlay bartaraf etish usullarini ko‘rsatmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarining kayfiyatga ta’siri klinik jihatdan juda kichikdir. Agar inson uzoq vaqt davomida tushkunlikni boshidan kechirayotgan bo‘lsa, parhez bilan cheklanmay, turmush tarzini qayta ko‘rib chiqishi va mutaxassisga murojaat qilishi zarur.
Biroq ayrim mahsulotlar organizmda tinchlantiruvchi gormonlar ishlab chiqarilishiga yordam berishi mumkin. Quyida shunday mahsulotlarning oltitasi keltirilgan:
1. Shokolad. Tadqiqotlarga ko‘ra, shokolad kortizol – stress gormonining darajasini pasaytiradi. Ikki hafta davomida kuniga 40 gramm shokolad iste’mol qilgan ishtirokchilarning stress darajasi sezilarli darajada kamaygani aniqlangan. Achchiq va qora shokolad eng foydali hisoblanadi, ammo sutli shokolad ham kayfiyatni yaxshilashga yordam beradi. Biroq u yuqori kaloriyali mahsulot ekani esda bo‘lishi kerak.
2. Losos balig'i. Losos omega-3 yog‘ kislotalari, D vitamini va serotonin ishlab chiqarishda muhim bo‘lgan boshqa moddalar bilan boyitilgan. Bergen universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, haftasiga uch marta losos iste’mol qilgan insonlar stressni boshqalariga qaraganda yengilroq boshidan kechirgan.
3. Avokado. Stressni kamaytirishga oid tadqiqotlar mavjud bo‘lmasa ham, avokado magniy manbai hisoblanadi. Olimlar magniy tanqisligi insonni stress va xavotirga moyil qiladi, deb hisoblaydi.
4. Yong‘oq. 16 hafta davomida har kuni 50 gramm yong‘oq iste’mol qilgan talabalar orasida ruhiy salomatlik yaxshilangani, stress oqibatlari kamaygani va ichak mikroflorasi yaxshilangani kuzatilgan. Yong‘oq, shuningdek, uyqu sifatini yaxshilashga yordam berishi mumkin.
5. Yogurt. Probiotikli yogurtlar hissiyotlarni boshqaruvchi miya qismlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Shuningdek, bu mahsulot uyqu sifatini oshirishga, yurak urish tezligini yaxshilashga va stress indeksini kamaytirishga yordam beradi. Biroq probiotiklarning aksariyati oshqozonda nobud bo‘lishi mumkinligi sababli, yogurtning o‘zi stressga qarshi kurashda yetarli emas.
6. Lavlagi. Magniyga boy bo‘lgan lavlagi stressni kamaytirishga yordam beradi. Biroq insonning ruhiy holatiga ko‘plab omillar ta’sir qiladi, shuning uchun faqat lavlagi yoki boshqa bir mahsulot tushkunlikka qarshi davo bo‘la olmaydi.


