1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Kelasi yil onkologiya xizmatining 100 yilligini nishonlamoqchi edik, biz esa parchalayapmiz”- Respublika onkologiya markazining Toshkent viloyati filiali taqdiri nima bo‘ladi?

Zamon.uz manbasiga ko‘ra, Toshkent shahar va Toshkent vil. dispanserlarini yopish haqidagi rejalardan keyin chet el investitsiyalari hisobidan berilishi kerak bo‘lgan tibbiy apparatlar shifoxonalarga yetkazilmagan. Xususan, ikki muassasa JSST’ning 2 mln dollarlik tibbiy asbob-uskunalaridan o‘ziga ajratilgan qismini olmagan. Bundan tashqari, ko‘ngilsiz xabardan so‘ng, viloyat onkologiya shifoxonasining 7 nafar tajribali mutaxassislari ishdan bo‘shagan. Bu amaliyot kelgusida og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Manbaning qayd etishicha, hokim Zoyir Mirzayev  Respublika onkologiya va radiologiya markazining viloyat filialini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

“Kelasi yil onkologiya xizmatining 100 yilligini nishonlamoqchi edik, biz esa parchalayapmiz”- Respublika onkologiya markazining Toshkent viloyati filiali taqdiri nima bo‘ladi?

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining  2-dekabrdagi buyrug‘i bilan poytaxtdagi onkologiya shifoxonasi deyarli bo‘shatildi. 22-dekabr kuni shifoxonada bo‘lgan Zamon.uz muxbiri  bo‘m-bo‘sh xonalarni kuzatdi. Bo‘limlarda 3-4 nafar hamshira, shifokorlardan bo‘lak hech kim yo‘q.

 

“Og‘ir darajadagi bemorlarni o‘tgan hafta chiqarib yubordi”- deydi hamshiralardan biri.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, shifoxona reja bo‘yicha ancha oldin yopilishi kerak bo‘lgan. Ammo, boshqa onkologiya kasalxonalari shu yerdan borgan bemorlarni qabul qilmagani oqibatida, bir nechta o‘limlar qayd etilgan. Shundan so‘ng, poytaxt onkologiya dispanseri ma’lum muddatga qayta ochilgan. Hamshiraga ko‘ra, shifoxona hududini “Murad buildings” sotib olgan bo‘lishi mumkin.

 

Shahar onkologiya dispanseri imkoniyatlariga to‘xtalganda,  yiliga o‘rtacha 10 ming nafar kishi davolanib ketardi. Manzil hamma uchun qulay bo‘lib qolgandi. Endi ularning ko‘pchiligi shaharning bir chekkasida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markaziga borishga majbur. Markazda ko‘rsatiladigan ayrim xizmatlar esa pulli, masalan Toshkentdagi dispanserda EKG, UZI kabi tekshiruvlar, shifokor maslahatlari bepul ko‘rsatilardi. Hududdagi yuzlab daraxtlar toza havo manbayi edi, yozda salqinlik, qishda xushmanzara berib turardi. To‘g‘ri, ular hozircha kesilmadi, lekin daraxtlarning borligi bemorlarga qaysidir ma’noda shifo edi. Respublika onkologiya va radiologiya markazida esa bunday yashillik deyarli yo‘q.

 

Ishdan bo‘shatilgan shifokorlarning taqdiri ham masala bo‘lib turibdi. SSV’ga ko‘ra, shahar onkologiya dispanserida mehnat qilib kelgan 450 nafar xodimning 170 nafari ishli bo‘lgan. Ma‘lum bo‘lishicha, hozirda Respublika onkologiya va radiologiya markazidan ishga takliflar bo‘lyapti. “Lekin oylik maoshlar  kam, yoshga doir cheklovlar qo‘yilgan”, deydi suhbatdoshimiz.

 

2022-yilda Toshkentning 3 ta yirik onkologiya markazi sotuvga qo‘yilib, e’tirozlardan so‘ng auksiondan olingan edi. O‘sha paytda  Farobiy ko‘chasidagi(Beruniy metro bekati)  Respublika onkologiya markazi — 281,7 mlrd so‘m, Toshkent shahar filiali — 160,5 mlrd so‘m, Toshkent viloyati filiali — 92,1 mlrd so‘mga baholangandi.

 

Ayni vaqtda Farobiy ko‘chasidagi Respublika onkologiya va radiologiya markazi yangi binoga ko‘chirilgan. Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, markaz  hududidagi daraxtlar  xatlovdan o‘tkazilgan. Shu kunlarda esa Onkologiya va radiologiya markazining Toshkent viloyati filiali faoliyat yurityapti. Ammo, bu uzoq davom etmasligi mumkin. Xususan, “Kun.uz” nashri viloyat filiali ham yopilishi rejalashtirilgani haqida yozgan

 

Zamon.uz muxbiri 23-dekabr kuni RIOvaRITM’ning Toshkent viloyati filialida bo‘lib vaziyatni o‘rgandi. Tibbiyot xodimlarining ayrimlari mash’um xabarni eshitmaganini, kelib-ketayotganlar esa shifoxona qolishidan umidvorligini aytdi.

 

Bir shifokorga ko‘ra, shu yilning sentabr oyida mazkur muassasaning taqdiri bo‘yicha xodimlarning fikrlari olingan.

 

“Bu yerda 500 ga yaqin kishi ishlaydi, kuniga 200-300 ga yaqin bemor keladi”- deydi u.

 

Shaxsini oshkor qilishni istamagan manba, dispanser nima uchun qolishi kerakligini tushuntirdi. Unga ko‘ra, filial Markaziy Osiyodagi birinchi onkologiya muassasasi hisoblanadi. Shu yerda qo‘shni davlatlarga mutaxassislar tayyorlangan. Sovet ittifoqi davrida Farobiy ko‘chasidagi Respublika onkologiya markazi, Toshkent shahar va viloyat dispanserida bemorlar uchun jami 1000 ga yaqin o‘rin bo‘lgan. Bu oxirgi yillarda 850 tagacha qisqargan. Hozirgi vaqtda esa Toshkent avtomobil halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazidagi o‘rinlar soni 620 tani tashkil etadi. Natijada, 230 ta o‘rin o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketyapti.

 

Zamon.uz manbasiga ko‘ra, Toshkent  viloyati onkologiya shifoxonasi 240 o‘ringa ega bo‘lsa, 1 kunda o‘rtacha 300 ga yaqin kishi shu yerda yotib davolanadi.

 

“O‘zi joy yetmayapti, shu mahalda koykalarimizni qisqartirib yangi modelga o‘tkazishimiz qanchalik to‘g‘ri? Yangi binoda 620 ta koyka va 200 o‘rinlik kunduzgi statsionar ochilgan. Ertalab kelib, kechqurun ketadi. Endi 200 nafar bemorga  shuncha mashina keladi, tirbandlik ko‘payadi-ku. Bu tajriba chet elda bor, kunduzgi statsionarlarni ko‘proq ishlatish kerak, onkologik koykani narxi dunyo bo‘yicha eng qimmat. Kunduzgi statsionarlarni ko‘paytirsa, onkologik koykalarni narxi tushadi. O‘zi rejada shunaqa. Lekin kunduzgi statsionarga Toshkent viloyati xalqining borib joylashishi qiyin. Navbatlar 300 tagacha, Bekoboddan(120 km) keladigan bemor soat nechchidan turib kelishi kerak. Uzoqligini hisobga olib viloyatning dispanserini saqlab qolish lozim. Xizmat ko‘rsatish borasida muammo yo‘q, ilmiy tomondan yangi markazdan yuqorida turadi. Katta-katta professorlar bor, bu yer - maktab. Kelasi yil O‘zbekistonda onkologiya xizmatining 100 yilligini nishonlamoqchi edik, bu zo‘r bayram-ku, biz esa parchalayapmiz ”- deydi manba.

 

Qolaversa, manba markazdagi o‘rinlar uchun Toshkent shahar va viloyat aholisi raqobatlasha olmasligini ta’kidladi.

 

“Shaharliklar kasal bo‘lsa, ularning yaqinlari markazda ishlasa,  ma’lum, noma’lum yo‘llar bilan  birinchi navbatda o‘shalarni joylashtiradi. Aytaylik, Bekobod, Chinoz, Oqqo‘rg‘ondan kelganlar ikkinchi darajada qolib ketadi. To‘g‘ri elektron navbat bor. Ammo shifokorlikni aytilmaydigan joylariyam bor: qon ketib qoldi deb yotqizib qo‘yadi, shoshilinch deb yotqizib qo‘yadi. Hali chekka viloyatlardan keladiganlarni aytganim yo‘q. Sharoiti og‘irlar bu yerga juda ko‘p keladi”- deydi u.

 

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, “dispenser yopiladi” degan xabarlardan keyin chet elda o‘qib kelgan  7 nafar mutaxassis ishdan bo‘shab ketgan.

 

“Oldinlari shu yerga ishga kiraman deb yonib turganlar ko‘p edi, hozir unaqa odam yo‘q, vakansiyalar ko‘p lekin. Hamshiradayam, sanitarkadayam, farroshdayam shu fikr: “ertaga yopiladi, yopiq qaror bor”.  Onkologiya kasallari bir marta davolanadigan kasallar emas, ular ko‘p kursli davo muolajalarini oladi. Bularning  hammasini markaz hozirgi tartibda o‘tkaza olmaydi.

 

Onkologik bemorni davolashga o‘rtacha hisobda 6 oy ketadi. 6 oygacha bemor qayerda turadi? Markaz qilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Masalan, u yerda palliativ bo‘lim ochish nega kerak? 8-qavatda shunday bo‘lim bor. U yuqori texnologik yordam ko‘rsatuvchi markaz. U narsalar  bizda, dispanserlarda bo‘lishi lozim, ya’ni viloyatlarda. Palliativ degani bu- yurolmaydigan, og‘ir bemor  degani. Nimaga og‘ir  bemorni markazga olib borishimiz kerak. Prezident uni yuqori texnologik yordam uchun qurib berdi. Markazning klinik faoliyati noto‘g‘ri. Palliativning o‘rniga neyroonkologiya, radioxirurgiya, biotexnologiya bo‘limlari qilsa bo‘lardi, Avvalgi va hozirgi direktori ham bironta bilan maslahat qilmagan”- deydi manba.

 

Shuningdek, Toshkent shahar va viloyat dispanserini markazga qo‘shib olish rejalaridan keyin ikki muassasaga chet el investitsiyalari hisobidan umuman tibbiy apparatlar berilmagan. Ro‘yxatdan olib tashlangan. Xususan, JSST O‘zbekistonga 2 mln dollarlik asbob-uskunalar bergan, lekin ayrim mansabdorlar dispanserlarni bundan bebahra qoldirgan. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bu shifoxonani saqlab qolmoqchi. Lekin vazirlik o‘zini aytganini qilyapti. Agar yopiladigan bo‘lsa,  hokim Nurafshon shahrida 300 o‘rinlik shifoxona qurib bermoqchi.

 

“6 oy davomida davolanadigan bemorga qaysidir yordamni markaz ko‘rsatsa rozimiz. Unga 1-2 oy ketar, qolgan 4 oyini dispenser qilish kerak. Keyin ro‘yxatga olingan bemor birinchi yil har oyda bir marta, agar kasali remissiyaga tushsa ikkinchi yil 3 oyda bir marta, uchinchi yil 6 oyda bir marta, 4-5-yilda 12 oyda  bir marta ko‘rinib turishi kerak. Uni kim qiladi? Markaz qilmaydi, dispenser bo‘limi yo‘q. mana shu dispanserizatsiya- dunyo tan olgan tizim. Bu - bemorlarni uzoq yashashiga qaratilgan”- deydi manba.  

 

Qayd etilishicha, yildan-yilga onkologik kasalliklarga chalinayotganlar soni oshib boryapti. Xususan, birgina Respublika onkologiya va radiologiya markazining Toshkent viloyati filialining konsultativ poliklinikasi 2020-yilda 72 141 nafar bemor qabul qilgan bo‘lsa,  2022-yilda bu raqamlar 114 000, 2024-yilda 126 341 nafarga yetgan. Bu onkologik murojaatlar soni 75,1 foizga oshdi degani.

 

“126 ming kasal o‘z-o‘zidan rak kasalxonasiga kelmaydi, diagnoz qo‘yilgani uchun keladi. Rakka xavotiri, gumoni borligi uchun keladi. Raqobat bo‘lishi kerak”- deydi manba.

 

Bundan tashqari, shaxsini sir tutishni so‘ragan shaxs Toshkent viloyati onkologiya shifoxonasini yopilishi og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytdi.

 

“Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash tizimida bitta achchiq vaziyat bo‘lgan.  Toshkent viloyatiga tez tibbiy yordam kerak emas. “Respublika shoshilinich tez tibbiy yordam markaziga kelaveradi”, deyishgandi. Shoshilinch holatlar bo‘yicha o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketdi. Yetkazib borolmadi. 10 yillardan keyin  qayta qaror chiqarib, Qo‘yliq dehqon bozori orqasida viloyat tez tibbiy yordam markazi qurildi. Buyam shunaqa bo‘ladi. Markazga qo‘shilib ketgandan keyin o‘limlar soni oshib ketadi. Shundan keyin Toshkent viloyati, shahar onkologiya shifoxonalarini ochishga majbur bo‘lamiz” - deydi u.

 

Biz shu kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markaziga ham bordik. 23-dekabr, soat 11:40 holatiga ko‘ra, shifokor qabuliga, tibbiy muolajalarga olingan navbatning eng oxiri 414-o‘rinda. Respublika onkologiya shifoxonasining Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiali bemorlari bu navbatga kelib qo‘shilsa, vaziyat bundan-da og‘irlashishi mumkin.

 

Ma’lum bo‘lishicha, SSV o‘sha kuni matbuot  anjumani o‘tkazib, jurnalistlarning ayrim savollariga javob bergan. Unga ko‘ra, bemorlar bepul davolanishi, Respublika onkologiya shifoxonasining Toshkent shahar filiali hududida yashil jamoat parki tashkil etilishi aytilgan. Lekin markazning viloyatdagi filiali taqdiri haqida so‘z bormagan.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика